Jurnalistning ovozi va parvozi
Men Karimjonni ko‘p yillardan beri, ilk bor Moskvadan kelib, gazetada ishlab, boshqa nashrlarga maqola yozib yurgan paytlaridan bilaman. O‘zini tanishdan oldin yozganlarini o‘qiganman.
Ilk bor Karim Bahriyevning “Saodat” jurnalida chop etilgan “Jur’at hammaga kerak” degan maqolasini o‘qiganman. Maqola Tursunoy Sodiqovaning “Andisha, hayo hammaga kerak” nomli maqolasiga munozara tarzida yozilgan bo‘lib, “Andisha maishiy hayotda, kelinning qaynona bilan munosabatida kerak, lekin ijtimoiy-siyosiy hayotda jur’atli millat bo‘laylik, dinimizga, tilimizga, millatimizga sohib chiqaylik, yuqoridagilarga rost gapirish kerak bo‘lganda, andisha qilib, mum tishlab o‘tirmaylik”, - degan tarzda yozilgan edi.
Keyin “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da uning “Yashashga ruxsat bering, prokuror” degan maqolasi bosildi. O‘sha paytda Buxoroga va butun O‘zbekistonga “desantchi” kadrlar sho‘ro ittifoqi markazi tomonidan yuborilgan edi. Karimjonning maqolasida “Buxoro – islom dinining quvvati, avliyolarning yotgan yeri, bu zaminda adolatsizlik qilinishi mumkin emas! Hech bo‘lmasa, qon to‘kilgan jinoyat ishlaridan pora olmang...” – degan da’vatli maqolasidan so‘ng o‘sha paytdagi G‘ijduvon prokurori va viloyat prokurori ishdan olindi va kelgan manziliga ketdi.
Ortidan “Bugun madaniyatni qutqaring, ertaga u sizni qutqaradi”, “Orol yashab qolmasa, bu xalq yashab qolmaydi” singari dasturiy maqolalari chiqdi va hatto ayrimlari hukumatning shu sohalardagi davlat dasturi yaratilishiga turtki bo‘ldi.
Eng shov-shuvlisi va hammani larzaga solgani Karim Bahriyevning “Oy borib, omon qaytmagan bolam” sarlavhali, ittifoq armiyasi safida xizmat qilib o‘ligi kelayotgan yigitlarimiz taqdiri haqidagi, milliondan ziyod adadli adiblar nashridagi maqolasi bo‘ldi. Maqolada armiyadagi shovinizm fosh etilgan, armiyani ikkiga bo‘lish – vatan himoyasini professional, doimiy asosda faoliyat yuritadigan armiyaga aylantirish (yurt himoyasini ikki yilga borib keladigan havaskorlarga ishonib bo‘lmaydi), qolgan qo‘shinlarni, masalan, qurilish batalonlarini bekor qilish (qurilishni quruvchi qursin, askar emas) takliflarini oldinga surgan edi. Aks holda harbiydan o‘liklar kelaveradi, deb qayg‘urilgan edi. Hatto shu mavzuda, shahid ketayotgan bolalar tilidan she’r ham yozgandi va uni maqola so‘ngida berilgandi.
Shamollar uyg‘ondi. Barg – hayajonda...
Hatto yer tagida qo‘zg‘oldi ilon.
Dunyo tirilayotgan shu toza tongda
O‘lgim kelmayapti, onajon.
O‘ngirlarda kezar muzday havolar,
Ishqalab qobog‘in ko‘tarar osmon.
Dunyo ko‘zlarini ochayotganda
Men ko‘z yumayinmi, onajon?!
Qaydadir silkinar tomchidil o‘tlar,
Bargida chumoli kezadi hayron.
Hali men ko‘rmagan bog‘lar bor ekan,
O‘lgim kelmayapti, onajon.
Qizlarning ovozi jaranglar munis,
Ishq, desam – daftarga sachrab ketdi qon.
Sevmasa sevmabdi meni bitta qiz,
Dunyoda qiz kammi, onajon?!
Qayoqqa qochadi bu issiq qonim,
Qo‘llarni sog‘inib sochlarim – g‘ujgon.
Kimga kerak bo‘ldi mening yosh jonim,
O‘lgim kelmayapti, onajon.
Begunoh bittadir – u ham osmonda,
Qo‘lga chivin qo‘ndi, quvmoqqa yo‘q jon.
Chivinlar, chumchuqlar yurgan jahonda
Menga joy yo‘qmikan, onajon?!
Quyoshga termuldim – ko‘zim qamashdi,
Kiprikdan shabnamday yosh oqdi marjon.
Nurlarni sog‘inib qaqshar qovurg‘am,
O‘lgim kelmayapti, onajon!
Garchand men qayg‘uli she’rlar to‘qidim,
Garchand azob ko‘rdim mudom bepoyon –
Men hali dunyoga to‘ygan yo‘q edim,
Dunyo to‘ydimikin mendan, onajon...
Avval, harbiylarning “Frunzevets” gazetasida polkovnik Yu.Bondarenkoning, SSSR Konstitutsiyasiga ko‘ra “armiya safida xizmat qilish har bir fuqaroning muqaddas burchi” ekanini pesh qilib, Karimjonni “antikonstitutsion harakat”da ayblagan maqolasi chiqdi. Uni qamash harakatiga tushdilar, ammo o‘sha paytda to‘satdan Moskvadagi yigirma million tirajli “Komsomolskaya pravda” gazetasida uning maqolasi ruschada “Gruz 200” (200-chi yuk”) nomi bilan chiqib qoldi. Ittifoq ahli o‘qidi va bir seskandi. Oxiri Karim Bahriyevni Moskvaga Frunze ko‘chasidagi oq binoga – SSSR Mudofaa vazirligiga taklif qilishdi. Moskvadagi muzokaralarda ham u o‘z so‘zini takrorlagan va muzokaralarda munozara qilgan. Ittifoq harbiy rahbariyati bundan keyin o‘zbek asarlarini faqat bitta mintaqaga – iqlimi o‘zbeklar yurtiga yaqin, hatto qovun-tarvuz o‘sadigan Rostov, Astaraxan tomonga joylashtirishga, o‘zbek qismlari O‘zbekistondan oziq-ovqatlar, meva-sabzavotlar ortilgan eshelonlar uyushtirishga, o‘zbek san’atkorlarini harbiy qismlarga gastrolga olib kelishga va’da qiladilar. Keyin Karim ham deputati bo‘lgan parlament Davlat mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qildi. Ittifoqning bu rejalari abas bo‘ldi.
Shu paytlarda Karimjonni, uning otasi Hakim akani shaxsan tanidik. Bildik.
Karim Hakimovich Bahriyev 1962 yilda Samarqand viloyati Urgut tumani G‘o‘s qishlog‘ida tug‘ilgan. 1979 yilda maktabni Oltin medal bilan tugallab, A.Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining rus filologiyasi fakultetida, Moskva davlat universiteti jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
1985 yildan Toshkentda — «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida katta muxbirlikdan ish boshlagandi. Uning maqollari mashhur qildi va partiya yoki hukumat emas, fuqarolarning tashabbuskor guruhi tashabbusi bilan deputatlikka nomzod bo‘ldi va besh nomzod ichidan 83 foiz ovoz olib, mamlakat Oliy Sovetiga deputatlikka saylandi.
1990-1995 yillarda O‘zbekiston Oliy Soveti deputati sifatida Oliy Kengashida til, madaniyat va millatlararo munosabatlar Qo‘mitasi mas’ul kotibi hamda oshkoralik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Uning bu faoliyati davrida men O‘zbekiston Prezidenti apparatida, davlat rahbarining kadrlar siyosati bo‘yicha Davlat maslahatchisi bo‘lib ishlardim.
Uni bir necha bor Prezident apparatiga ishga taklif qildik. Kechasi o‘n ikki, birlargacha, to davlat rahbari xonasini tark etguncha ishlashimizdan xabari bor edi. Ijodidan qizg‘anib rozilik bermagan.
Eslayman, Islom Karimov uni chaqirib suhbatlashgandi men birga edim. Uni MTRK raisining birinchi o‘rinbosarligiga qo‘yish niyatini aytadi, Karimjon bu qaltis joyligini, pul, intrigalar ko‘pligini, mafiyaning manfaatlari borligini, qolaversa, tajribasi yo‘qligini aytadi. Islom Karimov qat’iy turganidan so‘ng rais o‘rinbosari qilib tayinlash haqida Farmon tayyorlash bo‘yicha menga topshiriq berdi va ertaga Karimjonni Bosh vazir o‘rinbosari Erkin Samandarov bilan birga, televideniyega olib borib tanishtirishimizni tayinladi. O‘sha kechasi ayrim ig‘vogarlar Islom akaga kirib: “Bu bola “demokrat”, bunaqalardan televideniyeda ham o‘n-o‘n beshta bor, bu o‘shalarga bosh bo‘ladi va televideniyeni eplab bo‘lmay qoladi”, — deb farmonni qaytarib oldirishadi.
Avval ham Karimjonning “Uyg‘onish mashaqqati” maqolasi 1990 yil, 7 iyun kungi adabiyot gazetasida chiqqan va unda muallif “Nega qishloqlarga gaz va suv keltirish farmoniga imzo chekdi, deb Prezidentni maqtaysizlar, u o‘z tomorqasiga bodring ekib, sotib, puliga suv keltirmaydi, byudjetni, ya’ni o‘z soliqlarimizdan bergan pulimizni taqsimlaydi. Shunga ham rahmat deyaversak, shaxsga sig‘inish va diktatura boshlanadi”, – deya maqola yozgan, ertalabki oshga borgan hamma amaldorlar kechki nikoh to‘yiga bormagandi. Chunki soat o‘nlarda Prezident majlis qilib, o‘sha maqolani ushlab baqirgan, Pirimqul Qodirov va Erkin Vohidovga: “Shogirdim deysanlar, bu g‘irt oppozitsiya ekan-ku”, — deb o‘shqirgandi. Hamma Karim Bahriyev deputatlikdan ketib, qamalib ketadi, deb o‘yladi. To‘yga bormaganidan tashqari, o‘zlarini undan uzoq tutib yurdilar.
Bir oy o‘tgach, din haqida qonunchilik muhokamasi payti, Karimjon o‘rinbosar bo‘lgan madaniyat, til va millatlararo munosabatlar qo‘mitasida Pirimqul Qodirov, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Shukrullo Mirsaidov bilan masjidlarni soliqqa tortish-tortmaslik masalasi ko‘rilayotganda, Islom Abdug‘aniyevich uni: “Nima qilib qo‘yding?!” — deb jerkiydi. Karimjon: “Nachora, maqola yozdim, u chiqib ketdi”, — deydi. Karimov: “Men haqimda shuncha iste’doding bilan bir og‘iz iliq so‘z yozmading, mayli, kel, yomonlab ham yozma. Mening dushmanlarim yetarli, uka”, — dedi.
Bularning bari Prezident uni qayta va qayta “tarbiyalash”ga uringanini ko‘rsatadi.
Islom Karimov Karim bilan o‘z xonasida to‘rt marta uch-to‘rt soatdan suhbatlashgan. Uni Koreya, Indoneziya va Malayziya safarlarida o‘zi bilan olib ketgan va safar paytida va Jakartadan Toshkentgacha Saxara orqali o‘n uch soatli uchish paytida anchagina fikrlashgan. Bu haqda jurnalist Ismat Xushevning “Oqlanmagan ishonch qissasi” tetralogiyasida yozilgan. Ismat Karimning to hanuz bu suhbatlar tafsilotini ochiqlamasligini ham aytgan. Meningcha, Islom aka uni mas’uliyatli mansablarga tayyorlashga umid qilgan, ammo Karimjon amaldorlikka yot inson edi, xalqi saylagani uchun parlamentda oxirigacha o‘tirdi va boshqa saylanishni ham, amalni ham istamadi. O‘zi deputatlikka ham qishloq ahli zo‘rlab ko‘ndirgandi, hatto saylov komissiyasiga o‘zlari imzolab, topshirib yuborishgandi. Lekin yomon deputat bo‘lmadi, astoydil bir tuman uchun emas, butun mamlakat uchun kuyindi.
Karimjon parlamentdagi faoliyatini tugatib, 1995 yildan «Ma’rifat» gazetasi Bosh muharriri o‘rinbosari, 1996 yildan «Xo‘jalik va huquq» – «Xozyaystvo i pravo» jurnallari Bosh muharriri lavozimida ishladi. Bu jurnalda o‘sha payti sud materiallari qatori qozilar haqida rivoyatlar, latifalar, Rauf Parfi va Abduvali Qutbiddin she’rlari, dunyo faylasuflarining hikmatlari ham bosilardi. U qozilarni adabiyot va falsafaga oshno qilishga urinardi.
1996 yil dekabrida mamlakatdagi ilk mustaqil gazeta — «Hurriyat» gazetasining Bosh muharriri bo‘ldi va bu yerdagi olamshumul ishlari, “Bi-Bi-Si” o‘sha paytda e’tirof etib aytgan “O‘zbekistonni titratgan besh son”i va senzurasiz gazetaga yana senzurani tiklash talabidan so‘ng tashlab ketganini hamma biladi.
1997 yil fevralida «Xo‘jalik va huquq» – «Xozyaystvo i pravo» jurnalida yana Bosh muharrirlik qila boshladi. 1998 yil 1 martdan boshlab to 2005 yilgacha «Internews-Network» xalqaro tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasida yurist, direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishladi. 2005 yilda «Jahon adabiyoti» jurnalida bo‘lim mudiri bo‘ldi. 2005 yildan to hozirgi paytgacha «Oltin meros» xalqaro jamg‘armasining axborot xizmati rahbaridir.
K.Bahriyev – mediayurist, mediaekspert, shoir va tarjimondir. U O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi Jamoatchilik kengashi raisi, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchisidir.
Qachon ijod qiladi, buni hatto ayoli ham bilmasligini menga aytgan. Lekin ancha narsalarni yozdi. Sababini so‘rasam: “Aka, Allohga shukur, bir yilda 365 kun bor, kuniga bor-yo‘g‘i bir varaqdan yozsang, bir yilda 365 bet bo‘ladi, o‘n yilda 3500-4000 bet, o‘n-o‘n ikki tom bo‘ladi. Kuniga bir soat yozib, yigirma uch soat boshqa ishlarni qilish mumkin, do‘stlar, davra, kitob o‘qish, uchrashuvlar, bolalar, oila va hokazo...” — degandi. Rostdan ham umrni, vaqtni qadriga yetish kerak.
Ijodni ilohiy ish bilib, bir o‘zi qolganda ijod qilishini shundan ham bilamanki, qachon kelsang, ishxonasi qulf bo‘ladi, juda talabchan taqillatsang, shkaf orqasidan chiqib kelib, keyin ochadi. Xonani qulflab o‘tirishini hamkasblari ham aytishadi.
Shu tariqa uning «Demokratiya va inson huquqlari. Huquqiy islohotlar o‘zbek yo‘lining o‘ziga xosliklari», «Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyati», «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari» nomli o‘zbek tilidagi ilmiy-ommabop kitoblari, “OAV va saylovlar” hamda “SMI i vыborы” nomli o‘zbek va rus tilidagi qo‘llanma, “Media huquqi” darslik kitobi, “OAV qonunchiligi bo‘yicha 100 savolga 100 javob” nomli o‘zbek va rus tillardagi kitobi, “So‘z erkinligi haqida so‘z” nomli o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi siyosiy-ijtimoiy kitobi chop etilgan.
K.Bahriyev Seneka, Platon, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Laroshfuko, Labryuyerning falsafiy asarlarini, jahon xalqlari hikmatlarini, Genri Fordning “Mening hayotim”, Jorj Oruelning “1984” va “Molxona” romanlarini, Svetlana Alekseyevichning “Chernobil tavallosi” romanini va Malkolm Gladuelning “Daholar va uddaburonlar” asarlarini, Chingiz Aytmatov, Dino Butssati, Jovanni Papini, Korrado Alvaro, Marchello Venturi, Vladimir Voynovich, Verkor hikoyalarini, uyg‘ur shoiri Temur Davomatning she’riy kitobini, dunyo she’riyati ikki jildlik antologiyasini, ozar adibi Mirzo Aliakbar Sobirning “Xo‘p-xo‘pnoma” devonini, ozar shoiri Romiz Ravshanning she’rlari va dostonini, A.Avtorxonovning «Kreml saltanati» kitobini tarjima qilgan.
Karim Bahriyevning «Sabr kosasining siniqlari», “Tomchidil”, “Toqat” sheriy kitoblari, “Haqiqat talabgorimiz”, “Betoqat” (ikki jild) publitsistik kitoblari nashr etilgan.
Karimning go‘zal she’riyati bor. Oz yozadi, faqat jim o‘tirishning imkoni bo‘lmay qolganda, aytiladigan so‘zi, ohangi jimlikdan ko‘ra zarurroq, deb bilganida yozadi. O‘smirlikdan boshlab, qirq besh yil yozgan hamma she’rlarini to‘plab, bir kitob qildi — “Toqat”. Shu kitobda bir muqallid she’rlar turkumi bor, unda Urgutda, uning qishlog‘i G‘o‘sda tog‘dan sel kelgani haqida qaysi shoir qanday yozardi, deb Abdulla Orif, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim va boshqalarning nomidan o‘xshatib she’r to‘qigan. Ularning har birida muqallid qilinayotgan shoirning uslubini aniq-tiniq namoyon qilgan. Demak, u istagancha she’r yozishi, har kun yozishi mumkin edi. Ulardan o‘tkazmasa, ularday yozib ketaverardi. Lekin yozmaydi, faqat o‘zining she’rini o‘zining fursatida yozadi. Karimning she’rlari juda tiniq, toza, quyma she’rlar.
Men uning iste’dodini hamisha tan olganman, shuning uchun ham atrofimda shuncha shoirlar ko‘p bo‘lgan dunyoda o‘zimning she’rlarimni dastlab unga ko‘rsatganman. Yashiradigan yeri yo‘q, men ham bolalikdan she’r mashq qilib yurganman, iqtisodchi bo‘lsam-da, she’riyatni sevganman va sevaman. Halima Xudoyberdiyevaday shoira bilan hamnafas hayot she’rga mehr bergan, lekin she’rlarimni o‘ttiz yil hech kimga ko‘rsatmaganman. Boshimizga qamoq taqdiri ham tushdi. Uzun kunlar, uyqusiz tunlar she’r bilan ovundim. Qamoqdan chiqib, ozod bo‘lgan kunlarimning birida Karimjon bilan ko‘rishib, she’rlarimni ko‘rsatdim va, agar maqbullari bo‘lsa, so‘zboshi yozib berishni so‘radim. Karimjon kulib yubordi: “Mavlon aka, ayolingiz O‘zbekistonning birinchi raqamli shoirasi, men uchun 20 asrning eng buyuk shoirasi, hammamizning ustozimiz — Halima opaga ko‘rsating. Qolaversa, Abdulla Oripov yetakchiligida qancha buyuk shoirlarimiz bor, ulardan biri so‘z yozsin. Men umrimda birovga so‘z yozmaganman, malakam yo‘q”. Men baribir o‘jarlarcha turib oldim: “Halimaga ko‘rsatish men uchun noqulay, agar rostdan she’rga o‘xshasa, to‘plam qilamiz, chiqsa ko‘rsataman unga sovg‘a bo‘ladi. So‘zga kelsak, aynan sizning so‘zingizni istayman”, — dedim.
Karimjon she’rlarimga bir go‘zal so‘zboshi yozdi, lekin hali oqlanmagan edim, bu yurtda mening kitobim chiqolmas edi. Bishkekda, Moskvada chiqaraman, deb orzulandim, chiqarolmadim. Va nihoyat oradan yetti yil o‘tib, yurtda o‘zgarishlar boshlanib, she’riy kitobim o‘sha so‘zboshi bilan chop etildi.
Karim Bahriyevning so‘z erkinligi borasidagi azaliy yakdilligini, qat’iyatini hamma biladi. U bu kurashda sobit turdi va turmoqda. Paytida kam sonli safdoshlari bilan, gohida bir o‘zi kurashdi. Mana, nihoyat, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, so‘z erkinligi islohotlarning asosiy qadriyatlaridan biriga aylandi. Karimjon orzu qilgan davrlar boshlandi. Albatta, hali ham muammolar bor va u o‘z missiyasini davom ettirmoqda.
Karim Bahriyev dolzarb mavzularda maqola yozishni bugun ham to‘xtatmagan. Yaqinda uning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy mavzulardagi publitsistikasi ikki tomli kitoblar bo‘lib, bosilib chiqdi. U she’riy kitobini “Toqat” deb atagan bo‘lsa, publitsistika kitobini “Betoqat” deb nomladi. Rostdan ham maqolalar yurt va xalq uchun betoqatlikdan, bezovtalikdan, kuyunchaklikdan tug‘ilgan. Bu kitobdagi siyosiy partiyalar, demokratik islohotlar, iqtisod, madaniyat, ijtimoiy hayot mavzularini qamrab olgan.
Men iqtisodchiman va o‘sha mustaqillikning ilk pallasidayoq Karimjon va mening suhbatim “Hayot va iqtisod” jurnalida bosilib chiqqandi. O‘shanda u iqtisodiy mustaqillik, mavjud holat haqida ko‘p qimmatli fikrlarni aytgandi. Bugungi maqolalari ham unda iqtisodiy bilimlar yetarli ekanini ko‘rsatadi. Kitobda qishloq xo‘jaligi islohotlari, paxta va g‘alla siyosati, monopoliyaning oqibatlari, energetika sohasidagi muammolar, Orolning taqdiri borasidagi tahlillar berilgan va yechimlar taklif etilgan.
Karim Bahriyevning suhbatida bir bo‘lgan odam doim ko‘rgisi, suhbatlashgisi keladi. Uning hamsuhbatlari meni tasdiqlasa kerak. U kuldiradi, o‘ylatadi, ma’rifatliroq qiladi insonni. Yumorga, qochirimga boy. Masalan, u o‘n mingga yaqin latifani biladi. Har bir gapini latifadan tashqari, rivoyat, ertak, ilmiy tadqiqotlarning yakuni, diniy ilmlar bilan tasdiqlab beradi. Shu o‘rinda aytish kerak, uning otasi Hakim “bosmachi” (Ibodulla qo‘rboshining nabirasi bo‘lgani uchun shunday atashadi Urgutda) qirqdan ziyod doston, ikki yuzdan ziyod rivoyatlarni yoddan aytardilar, davrada birov u kishining so‘zini bo‘la olmas edi. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li” dostonlarini besh-olti kecha-kunduzlab ayta olardilar. Karimjondan shoir, jurnalist, olim yigit bo‘sh yerda paydo bo‘lmagani shundan bilinadi.
Qolaversa, Karimjon ko‘p kitob o‘qigan va o‘qiydi. Yaqinda televizorda suhbat payti uning uyidagi kutubxonaning bir devorini ko‘rsatishdi, minglab kitoblar terilgandi. Yetti-sakkiz ming kitobi borligini, sanamaganini aytadi. “Shu kitoblarning ichida yashab, aqlli bo‘lmasak, uyat-da, aka”, — deydi.
Meni, iqtisodchi olimni siyosiy kitoblar yozishga Karimjon undaganini, shunday kitob yozganimda unga so‘zboshi yozib berganini ham aytishim kerak.
U gapni uzoqdan boshladi: “Amerikaga bordim, Oq uyda, Pentagonda, Davlat departamentida, turli shtatlarda bo‘ldim. Amerika bolalari bolalikdan siyosatga qiziqar ekan. Vashingtonda Milliy matbuot markazi bilan bir binoda sobiq siyosatchilar klubi ham bor ekan. O‘ta keksa sobiq Davlat kotibi Genri Kissenjer uni boshqarar, barcha sobiq Prezidentlar, Davlat kotiblari unga kirar ekan va ular amaldagi AQSH Prezidentiga qaltis paytlarda maslahat berarkanlar. Amerika siyosati o‘ylab olib borilar ekan. Nega bizdagi siyosatchilar, ishdan ketgach jimgina yashaydilar, ezilib, infarkt-insult bo‘lib ketadilar?!
Yosh avlodning kamoloti ko‘p jihatdan uning ma’naviy-ma’rifiy va siyosiy tafakkurining rivojlanishiga bog‘liqdir. Siyosiy tafakkur rivoji uchun esa siyosat bilan bevosita shug‘ullangan shaxslarning o‘z bilimlarini, xotiralarini, tasavvurlarini bayon qilishlari, mamlakat kelajagini o‘ylab, vijdonan hikoya qilishlari va mulohazalarini xalq bilan o‘rtoqlashishlarini taqozo qiladi. AQSH Prezidentlarining vakolatlari tugaganidan so‘ng birinchi qiladigan ishlari biror-bir yetakchi nashr bilan shartnoma tuzib, o‘z memuarlarini kitob qilishlaridan boshlanadi va ular tug‘ilgan shtatlarida o‘z nomlarida kutubxona ham ochadilar. Ana shu kitoblarni o‘qigan avlod siyosiy tafakkurini o‘stiradi.
Rossiya Prezidenti Boris Yelsinning “Havola etilgan mavzuda iqrorlar”, Qozog‘iston yetakchisi Nursulton Nazarboyevning “O‘nglar va so‘llarsiz”, Qirg‘iziston Prezidenti Asqar Aqayevning “Ochiq suhbat” kitoblari shu yo‘nalishdagi kitoblar edi. Afsuski, ayrim siyosiy rahbarlarning asarlari majlisdagi ma’ruzalardan, “iqtisodiy o‘sishlarning ko‘rsatkichlari” singari hisobotlar qalashgan ma’ruzalardan iborat bo‘ldi. Inson qalbi, xalq taqdiri bu tom-tom kitoblarda ko‘rinmadi.
“Siz boshlang, yozing, Mavlon aka!” — dedi Karimjon. Men yozdim, chiqdi. Ismoil Hakimovich Jo‘rabekovni da’vat etdim. U kishi bilan suhbat kitob yozdik va u ham shu kunlarda Karimjonning so‘zboshisi bilan chop etildi. Yosh avlodimiz siyosatchi bo‘lib o‘ssin, qay sohada ishlamasin, yurtining holiga kuyunchak, dunyoda va yurtda nima bo‘layotganini tafakkur qiladigan bo‘lib voyaga yetsin, deymiz.
Karimjon biznikiga mening da’vatim bilan kelsa ham, darhol Halima uning qarshisiga chiqar va uzoq suhbatlashardi. Chunki ular — katta shoirlar. Suhbat Navoiy va Bobo Tohirdan, Yassaviy va Emili Dikinsondan, Rauf Parfi va Frans Kafkadan kelardi. Karimjon Eronda yashagan fors shoiri Bobo Tohirni o‘z tarjimasida o‘qirdi:
O‘nglagin bandaning ishin, Biru Bor,
O‘zing yolg‘izlarga erursan-ku yor.
Deydilar kimsasi yo‘qdur Tohirning,
Menga kimsa nechun, gar Xudoyim bor?!
***
Yo‘qdir sodiq oshno — kimga boray men?
G‘aribman, toq, tanho — kimga boray men?
Tangrim, bu xalq quvsa borarman Senga,
Sen haydasang, evoh — kimga boray men?
Bir kuni Karimjonni ko‘rib, Halimaning ko‘zida yosh tomchisi paydo bo‘ldi, qarasam, Karimjon ham yig‘layapti. Hali so‘rashib, bir so‘z ham aytishgani yo‘q. Biroz avval Karimjonning o‘n sakkiz yoshli qizi Charos olamdan o‘tgan, yaqinda esa bizning navqiron o‘g‘limiz Umidjon omonat dunyoni tark etib ketgandi.
Halima oxiri: “Karimjon, Alloh siz bilan meni bu yukni ham bir ko‘ringlar, deb imtihon qilyapti. Sabr qilamiz”, — dedi. Karimjon ham: “Albatta, agar nimadir qilib tiriltirib olib bo‘lganda, olamni tikka qilardik. Sabr qilamiz. Hammamiz boradigan manzil shu”, — dedi:
Alloh huzuriga ketding oldindan,
Biz ham borajakmiz beshak ortingdan.
Umidimiz bordir Rahmi odildan –
Bandaman chorasiz, obu gil aslim,
Qodir taqdiriga turibman taslim.
Robbimning hukmiga bo‘larman taslim,
Borar joying bo‘lsin jannati naim.
Charos, Charosginam, mening Charosim,
Taning yerga, o‘zing osmonga tushding,
O‘n sakkizda hukmi Rahmonga tushding.
Bu uning qiziga yozgan ilk marsiyasi edi. Keyinchalik bu darddan yana nola qilib, satrlar bitdi:
Zamon aylanadi, o‘tar kun-kecha,
Mana, asta-sekin tong ham otibdi.
Olam yorishdi-ku, Charosday qizcha
Qorong‘uda, yer tagida yotibdi.
...Sekin-sekin kelar ana bahor ham,
Ko‘kcha qabristoni gulga botibdi.
Yer yuzin gul bosdi, yerning tagida
Charos degan qizcha abad yotibdi.
Bulbul sayrar tinmay gulning shoxida,
Ishqning majlisida shamol kotibdir.
Yerning usti – shovqin, pastda jimgina
Charos degan qizcha mangu yotibdir…
Karimjon va Halima Xudoyberdiyevaning chop etilgan bir mashhur suhbati bor. Suhbat oxirida Halima: “Suhbatning nomini “Ikki dengiz uchrashuvi” deb qo‘ysak”, — dedi. Karimjon negaligini so‘radi. Halima mashoyixlar Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy uchrashuvini “ikki dengiz uchrashdi” deyishgan”, — dedi. Karimjon esa: “Opa, suhbatimizda Rumiy va Tabriziy haqida gap yo‘q-ku?!” — dedi. Halima yana: “Bu suhbat – siz va mening uchrashuvimiz, bizlar ham bir dengizmiz, ummonmiz, oqib ketyapmiz bilmaydilar...” — dedi va xo‘rsindi (“Halima ham o‘tib ketar, bilmaslar...”):
Ko‘rdim qishloq, go‘zal shaharlar ko‘rdim,
Ohorlari ketib borar bilmaslar.
Jamalaksoch paripaykarlar ko‘rdim.
Bahorlari ketib borar bilmaslar.
Tugmak bo‘lsa yetmas belbog‘ uchlari,
Dunyo molin mahkam tishlar tishlari.
Bog‘larining shirin zabon kushlari –
Olqorlari ketib borar bilmaslar.
Otlari-ya, qorabayir otlari,
Gijingladi deb o‘ylasam, dodladi.
Yoli bo‘ron bo‘lganligin yodladi –
Shunqorlari ketib borar bilmaslar.
Kuzatib bu dunyoning o‘r, kirini,
Bilmay qoldim kelmak, ketmak sirini.
Yolg‘on yorlar yalashib bir-birini,
Chin yorlari ketib borar bilmaslar.
Charsilagan bir o‘t yonar ichimda,
Men she’r aytsam, aytmadim til uchinda.
Bu taloto‘p, quv-quv, chop-chop ichinda,
Xalima ham o‘tib borar bilmaslar…(Halima.X)
Karimjon Bahriyev haqida gaplarimiz ko‘p. Buguncha shularni aytyapmiz. U tinimsiz ishlayapti, ijod qilyapti. Tangri taolo umr, kuch va ilhom bersin, deyman va yana ko‘p asarlar kutaman.
Mavlon Umrzoqov, O‘zA