Jurnalistlarga esdalik nishonlari topshirildi
Andijonda mamalakatimiz mustaqilligining 35 yillik bayrami arafasida matbuot sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh jurnalistlarga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari topshirildi.
Bosma nashrlar, radio va televideniye tizimi vakillari ishtirokida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limida o‘tkazilgan bayram tadbirida so‘z olganlar ishtirokchilarni mustaqilligimizning o‘ttiz besh yillik bayrami bilan muborakbod etdi.
Tadbirda mamlakatimizdagi bunyodkorlik, jamiyatimizdagi yangilanish jarayonlarni keng targ‘ib etish, zamonamiz qahramonlari hayoti, faoliyatni yoritish borasida samarali faoliyat olib borayotgan sohaning bir guruh ilg‘or vakillariga esdalik nishonlari topshirildi.
[gallery-31159]
- Kamtarona mehnatlarim e’tirof etilib, yurtimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami arafasida “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlanganimdan behad xursandman, - deydi “Taraqqiyot” televideniyesi bosh direktori Vohidjon Tojiddinov. - Ushbu nishon butun jamoamiz mehnatiga berilgan baho va e’tirofdir. Ushbu e’tirof zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida yanada samarali mehnat qilishga undaydi.
Tadbirda esdalik nishoni bilan taqdirlanganlar e’tirof va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon yanada samarali mehnat qilishlarini aytib o‘tdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.