Jurnalistlar ziyo maskani ochildi
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasida kutubxona va o‘quv burchagini o‘z ichiga olgan ma’naviyat xonasi foydalanishga topshirildi. Ushbu ma’naviyat xonasida jurnalistika sohasiga oid turli qo‘llanmalardan tashqari, uch yuz nomga yaqin olti yuz donadan ziyod turli adabiyotlar o‘rin olgan. Shuningdek, o‘ttizdan ko‘proq markaziy gazeta va jurnallarning har bir soni bilan tanishishingiz mumkin, ularning elektron bazasi ham shakllantirilmoqda.
– Yaqinda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari «Agar kimdir, ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa, xato qiladi», deya juda to‘g‘ri ta’kidladilar, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod Salimov. – Biz muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ana shu yig‘ilishda bildirgan bu kabi fikr-mulohazalari, bergan topshiriqlaridan kelib chiqqan holda ishni tashkil etishga harakat qilmoqdamiz. Ushbu ma’naviyat xonasi ham ana shu ishlar doirasida ishga tushirildi.
Kezi kelganda shuni aytishim kerak, ayni paytda har kuni uyushmamizga turli masala bo‘yicha kamida to‘rt-besh nafar sohamiz vakillari tashrif buyuradi. Yurtboshimizning tegishli qarori ijrosi doirasida uyushmamiz ishining jonlanishi, tashkilotimizga a’zolikning tiklanishi, uyushmamiz qoshidagi kengashlar faoliyatining rivojlanishi, qolaversa, mazkur ma’naviyat xonamizning ochilishi bu yerga kelib-ketuvchilar soni yanada ko‘payishiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
X. Salimovga ko‘ra, joriy yil mobaynida mazkur ziyo maskani kengaytiriladi – bitta katta xonada minglab kitob fondiga ega uyushma kutubxonasi tashkil etilsa, yana bir shunday xonaga markaziy gazeta va jurnallarning har bir soni taxlami joylashtiriladi. Ularning o‘rtasidagi xona esa o‘quv zali bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, barcha jurnalistlarimiz uchun eshiklari keng ochiq uyushmamizda vaqtni samarali va foydali o‘tkazish, ma’naviy ozuqa olish uchun yaratilayotgan qulayliklar kengayib boraveradi.
Uyushmaning faoliyat boshlagan kutubxonasi javonidan o‘rin olgan kitoblar bilan tanishar ekanman, bu yerda har bir ijodkor uchun muhim bo‘lgan kitoblarga ko‘zim tushdi. Ular orasida axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan nashrga tayyorlanib chop etilgan jurnalistika sohasiga oid o‘n jildli kitob, Saydi Umirov, Sa’dulla Hakimov, Ibrohim Normatov, Qurbon Eshmatov kabi marhum ustozlar, shuningdek, Farida Usmonova, Jabbor Razzoqov, Abdusamad Isoqov, Sherzod G‘ulomov, Muhammadjon Obidov singari soha faxriy va faollarining asarlarini ko‘rish mumkin. Harbiy, internet, sport, huquqiy jurnalistika kabi soha yo‘nalishlariga doir qo‘llanma va ma’naviyatni yuksaltirishga xizmat qiladigan bir-biridan qiziq badiiy adabiyotlarning jamlangani e’tiborga molik.
Uyushma o‘z kutubxonasini tashkil etayapti, degan gapni eshitib, to‘g‘risi juda xursand bo‘ldim, – deydi faxriy jurnalist Jabbor Rozzoqov. – Bu – xayrli ish. Kutubxonaga o‘zimning «Vatan qadri», «Umr bir qo‘shiq» nomli asarlarimni tuhfa qildim. Tadbirda qatnashgan Zulfiya Mo‘minova, Iskandar Rahmon, Islom Usmonov kabi ijodkorlar o‘z kitoblaridan uyushmaga tuhfa qilganidan suyundim.
Aytishlaricha, mazkur ma’naviyat xonasi kutubxonasi uchun bir dona ham kitob bo‘lmagan. Tashabbus bilan chiqilganidan so‘ng ziyolilar, tegishli tashkilotlar rahbarlari uyushmaga o‘nlab adabiyotlarni sovg‘a qilgan. Shu tariqa, beshdan ortiq kitoblar yig‘ilgan, bu raqam oshib bormoqda.
Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xajayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majidov uyushmaga o‘z tashkilotlari nomidan uch yuz donaga yaqin turli adabiyotlarni topshirdi.
Ziyoda Rasulova,
jurnalist