Ommaviy axborot vositalari xodimlari, faol yoshlar uchun Andijon yoshlar texnoparkiga press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Andijon yoshlar texnoparkining zamonaviy infratuzilmasi, texnik imkoniyatlari, laboratoriyasi, “InnoX” dasturi va uning natijalari bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 maydagi “Respublika hududlarida Yoshlar texnoparklarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan Andijon yoshlar texnoparkining asosiy maqsadi yoshlarni ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar sohasiga jalb etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va raqobatbardosh kasblarga o‘rgatishdan iborat.
– O‘tgan davr mobaynida texnopark tomonidan 8 ming 300 nafar yoshlar zamonaviy ta’lim, innovatsion va ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etildi, – deydi Andijon yoshlar texnoparki rahbari Shohruxbek G‘ulomov. – Bunda “InnoX” biznes-inkubator va akselerator dasturi doirasida olib borilgan ishlar muhim ahamiyat kasb etdi.
[gallery-24361]
O‘tgan 2024 yil va joriy yilning shu kungacha bo‘lgan davrda dasturlarning 3 ta mavsumi tashkil etilib, 503 nafar yoshdan ariza qabul qilindi. Ulardan 140 nafari dasturga jalb etildi, natijada 82 ta startap loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar 225 ta mahalliy va xalqaro grant dasturlariga, jumladan, “President Tech Award”, “Akademik harakatchanlik”, “Tumar Venture Fund”, “Bo‘lajak olim”, “EcoExpo 2025”, “Aloqa Venture” kabi tanlovlarga yo‘naltirildi. Natijada 29 ta startap loyiha uchun umumiy qiymati 8,31 milliard so‘m miqdorida investitsiya jalb etildi.
Joriy yil aprel oyida “Aloqa Venture” tomonidan tashkil etilgan “Investorlar kuni” tadbirida texnopark ish olib borayotgan yosh mutaxassislarning “Space Agro” va “Edu Compass” loyihalarining har biriga 20 ming AQSH dollaridan, “Tokcha” loyihasiga esa 30 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etildi.
Shuningdek, ishtirokchilar texnoparkda yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash borasida viloyatdagi professional va umumta’lim muassasalari bilan hamkorlikda “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi.
Loyiha doirasida Andijon viloyatidagi 8 ta professional va 30 ta umumta’lim maktabining 2 ming 400 nafardan ortiq o‘quvchisi uchun “Web dasturlash”, “Grafik dizayn” hamda “SMM” yo‘nalishlari bo‘yicha 25 dan ortiq mahorat darslari o‘tkazildi.
Bugungi kunda texnoparkda 10 dan ortiq zamonaviy yo‘nalishlar – “Wyeb dasturlash”, “SMM”, “Grafik va wyeb dizayn”, “Kompyuter savodxonligi”, “Robototexnika”, “Kiberxavfsizlik”, “Mobil dasturlash” bo‘yicha o‘quv kurslari faoliyat olib bormoqda. Ayni kunda mazkur kurslarda 155 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Texnoparkda tashkil etilgan “FabLab” laboratoriyasi yuqori aniqlikdagi prototiplash, 3D shaklda chop etish, metallga ishlov berish imkonini beruvchi lazer texnologiyalari bilan jihozlangan.
Texnoparkda joriy yilning birinchi yarmida 10 dan ortiq muhandislik ishlanmalari ishlab chiqilgan. Laboratoriya infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida 15 ta zamonaviy uskuna olib kelingan.
Shuningdek, press-tur doirasida “InnoX” dasturi, "Demo day" loyihasi taqdimoti, moliyalashtirilgan startaplar bilan tanishuv, turli loyiha va startaplar yuzasidan muloqotlar o‘tkazildi. Muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan qator loyiha va startaplarning faol ishtirokchilariga texnopark rahbariyati tomonidan vaucher hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Press-tur davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari