Jurnalistlar uchun tibbiy ko‘rik
Andijonda jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari xodimlari hamda soha faxriylari uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida Andijon shahridagi 8- oilaviy poliklinikada o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikka Andijon viloyatidagi tibbiy markazlarning malakali mutaxassislari, Andijon davlat tibbiyot instituti va institut klinikasining tajribali shifokorlari taklif etildi.
–Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikka terapevt, kardiolog, oftalmolog, lor, travmatolog, dermatolog, endokrinolog, nevropatolog, akusher-ginekolog, kojvenerolog, onkolog, gepatolog singari o‘n beshga yaqin yo‘nalishlar bo‘yicha malakali shifokor-mutaxassislar, jalb etildi, – deydi Andijon shahar 8- oilaviy poliklinika rahbari Shohjahon Po‘latov. – Bundan tashqari, ijodkorlar umumiy qon, qand tekshiruvi, jigar sinamalari, gepatit tahlili bo‘yicha laboratoriya hamda rentgen, UZI, EKG, rentgenografiya, flyurografiya tekshiruvlaridan ham o‘tkazildi.
[gallery-15327]
Poliklinikada tibbiy ko‘rikni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratib berildi. Malakali, shirinso‘z shifokorlarning xizmatidan ijod ahli behad mamnun bo‘ldi.
–Tibbiy ko‘rik yangi yilning ilk kunlarida shifokorlarning ijodkorlarga tuhfasi bo‘ldi, – deydi faxriy jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nazirjon Saidov. – Eng asosiysi, salomatligimizni nazoratdan o‘tkazib, kerakli xulosalar oldik. Shu o‘rinda ijod ahliga ko‘rsatilgan e’tibor uchun viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlariga, ko‘rik tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Ko‘rik jarayonida 200 nafardan ziyod matbuot sohasi vakili, faxriysi tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik davomida shifokorlar tomonidan turli xastaliklari borligi aniqlangan ijodkorlarga zarur tavsiya va maslahatlar, bir necha kishiga esa davolanishi uchun yo‘llanmalar berildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari