Jurnalistlar uchun press-tur
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida ishlab chiqarish ob’ektlariga press-tur tashkil etildi.
Dastlab ishtirokchilar Chust tumanida joylashgan “Siberian wellness Namangan” MCHJ xorijiy korxonasida bo‘ldi. Ular korxona faoliyati, ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Varzik adirliklari o‘rnida tashkil etilgan intensiv bog‘ ko‘zdan kechirildi. “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida meva konsentrati ishlab chiqarish loyihasi o‘rganildi.
Meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va quyiltirilgan olma sharbati ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur xorijiy qo‘shma korxona 2019 yilda tashkil etilgan. Korxona tasarrufidagi intensiv bog‘da bodom, gilos, olxo‘ri, shaftoli, olma hamda uzum kabi 400 tubdan ortiq mevali daraxt ekilgan. Ahamiyatlisi, daraxt ko‘chatlarining barchasi xorij navlari hisoblanadi. Loyihaning umumiy qiymati 10,0 million AQSH dollari bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani tashkil etadi.
[gallery-15221]
– Bog‘imizda tomchilab sug‘orish tizimi o‘rnatilgan, - deydi bog‘ boshqaruvchisi Muhammadrahim Mamajonov. 2020 yil bahorda ko‘chat ekishni boshlaganmiz. Bu ko‘chatlar Fransiya va Ispaniya davlatlaridan olib kelingan. Hosildorligi baland ushbu ko‘chatlar mevasi sifati va ta’mi bo‘yicha Yevropa va Rossiya bozorlari standartlariga javob bera oladi. Bog‘da shaftoli navining 37 xili parvarishlanmoqda. Korxonaning jahon standartlariga javob bera oladigan “GLOBALG.A.P” sertifikati bor. Bu sertifikat orqali Yevropaga bemalol eksportni amalga oshiryapmiz. Ayni paytda yiliga 3,5 ming tonna tayyor meva hamda 3 ming tonna meva sharbati ishlab chiqarilmoqda.
Loyihaning 3-bosqichda “Biologik faol ko‘shimchalar” ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, yillik 2 million banka yoki 120 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi hamda 25 nafar doimiy ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Press-tur yakunida viloyat hokimligi Axborot xizmati tomonidan jurnalist va blogerlar bilan muloqot tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari hamda mahalliy hokimliklar Axborot xizmatlari oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA