Jurnalistlar uchun mintaqaviy seminar
Jizzaxda “Zamonaviy jurnalistika: ommaviy axborot vositalarining bugungi holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusida Jizzax va Sirdaryo viloyatlari OAV vakillari uchun mintaqaviy seminar o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab 1932 yilda tashkil etilgan “Jizzax ovozi” gazetasi tahririyatida bo‘lib, tahririyat muzeyidagi surat va eksponatlar bilan tanishdi.
Tahririyat jamoasi bilan muloqotda yangi ijodiy rejalar xususida fikr almashildi. O‘tgan 2024 yili “Oltin qalam” tanlovi g‘olibligini qo‘lga kiritgan “Jizzax ovozi” jamoasi a’zolari ayni damda o‘z oldilariga katta rejalarni qo‘yib faoliyat ko‘rsatmoqda.
So‘ngra “Jizzax haqiqati” – “Djizakskaya pravda” gazetalari tahririyatida ushbu nashrlarning 50 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan “Hayot bilan hamnafas” deb nomlangan kitob taqdimoti uyushtirildi.
Tahririyatga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi nomidan “Hayot bilan hamnafas” kitobi sovg‘a sifatida taqdim etildi.
Mehmonlar O‘zMTRKning Jizzax viloyat teleradiokompaniyasi davlat muassasasida bo‘lib, ushbu muassasada ijodiy va texnik xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirildi.
− Bugungi kun talabi darajasida ko‘rsatuv va eshittirish tayyorlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar uyushtirish uchun zamonaviy texnikalar zarur bo‘ladi, – deydi viloyat teleradiokompaniyasi davlat muassasasi direktori Erkin Shermanov. – Davlatimiz rahbari tomonidan sohamizga alohida e’tibor qaratilayotgani, moddiy-texnik bazamizni mustahkamlash uchun moddiy imkoniyatlar yaratilayotgani tufayli eng zamonaviy texnikalarga ega bo‘lib turibmiz. Albatta, ushbu texnikalar ishimiz sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Xodimlarimizga bir qator qulayliklar yaratadi. Zero, zamonaviy texnika – telejurnalistika qanotidir.
[gallery-21903]
Jizzax viloyat teleradiokompaniyasi davlat muassasasi mas’ullarining aytishicha, teleradiokompaniya moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy studiya kompleksi va ko‘chma televizion stansiya uchun 100 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilgan.
Shu kuni Jizzax shahridagi Qozon Federal universiteti filialida tashkil etilgan “Zamonaviy jurnalistika: ommaviy axborot vositalarining bugungi holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi mintaqaviy seminarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi ommaviy axborot vositalari xodimlari, ustoz jurnalistlar, internet nashrlari muxbirlari, blogerlar, shuningdek, Qozon Federal universiteti filialida jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Seminarda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan tegishli dasturda belgilab berilgan vazifalar, milliy media makonimizdagi raqobat muhiti, o‘zgarishlar jarayonlari, mediasavodxonlikning ahamiyati, zamonaviy jurnalistikaning rivojlanish tendensiyalari haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Seminarda “Jizzax haqiqati” gazetasi bo‘lim muharriri, “jizzaxnews.uz” sayti muharriri Muqaddas Saparova mavzu yuzasidan ma’ruza qildi.
Qozon federal universiteti Jizzax filiali ijrochi direktori, mazkur filial jurnalistika yo‘nalishi mas’uli Ozod Bobomurodov, “Jizzax ovozi” gazetasi bosh muharriri Said Donishev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi Boyjigit Abdullayev, “Yangi Sirdaryo” – “Novaya Sirdarya” gazetalari bosh muharriri Bahrom Boymurodov, “Jizzax haqiqati” – “Djizakskaya pravda” gazetalari bosh muharriri Bahodir Nazarov, ushbu filial jurnalistika yo‘nalishi talabalari va boshqalar mavzu yuzasidan o‘z fikr- mulohazalarini bildirdi. Zamonaviy jurnalistikaning yutuq va kamchiliklari aytib o‘tildi. Jurnalistikada sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish istiqbollari ham tilga olindi, taklif va tavsiyalar bildirildi.
Jizzaxda o‘tgan mintaqaviy seminar ishtirokchilari Sharof Rashidov ilmiy-ma’rifiy yodgorlik uy-muzeyida ham bo‘ldilar.
–Sharof Rashidov nomidagi uy-muzey O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27 martdagi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, qaytadan ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etdi, – deydi Sharof Rashidov uy-muzeyi xodimi Gulnoza Fattoxova. –Ta’mirlash ishlari davomida ekspozitsiyalar yangilandi, zamonaviy ko‘rgazma zallari, konferensiya zali va kutubxona tashkil etildi. Ushbu qutlug‘ dargohda Sharof Rashidovning hayoti va ijodiy faoliyatiga oid noyob hujjatlar, fotosuratlar, kitoblar va shaxsiy buyumlar saqlanadi. Yil davomida muzeyga mahalliy aholi, yoshlar va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi.
Ikki viloyat jurnalistlarining bir-biri bilan tajriba almashishi, o‘zaro do‘stlik rishtalarini, hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash imkonini bergan tadbir yakunida Qozon Federal universitetining Jizzax filiali jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga, shuningdek, uyushmaning Jizzax va Sirdaryo viloyatlari a’zolariga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan nashr etilgan “Oltin qalamli jurnalistlar” kitobi tarqatildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari