Jurnalistlar Surxondaryodagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi
Tadbir ishtirokchilariga dastlab viloyat davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasi boshligʻi Sh. Kichkilov joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Surxondaryo viloyatiga press-tur tashkil etdi.
Tadbir ishtirokchilariga dastlab viloyat davlat aktivlarini boshqarish boshqarmasi boshligʻi Sh. Kichkilov joriy yilning oʻtgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Taʼkidlandiki, pandemiya dunyo ahlini jiddiy tashvishga qoʻyib, koʻplab davlatlarni iqtisodiy tang holga keltirayotgan yilda Prezidentimiz tomonidan koʻrilgan samarali chora-tadbirlar davlat aktivlarini boshqarish sohasida ham oʻz natijalarini bermoqda. Jumladan, 9 oyda viloyatda 34 ta davlat aktivlari boshlangʻich narxi jami 87 630,3 million soʻmga, 8 080 million soʻm investitsiya hamda 146 ta yangi ish oʻrinlari yaratish sharti bilan auksion savdolariga chiqarildi. Ularning 20 tasi 2 935,3 million soʻmga sotilib, 7 850 million soʻm investitsiya kiritish va 167 ta yangi ish oʻrni yaratish belgilab olindi. 5 ta aktivlar “nol” xarid, 11 ta aktiv 1 soʻmga teng boshlangʻich qiymatda, 4 ta davlat ulushi mavjud jamiyat ulushi ommaviy savdo orqali sotildi. Ayni paytda 14 ta davlat aktivlari 84 737,1 million soʻm qiymatdagi boshlangʻich narxda 2 150 million soʻm investitsiya hamda 31 ta yangi ish oʻrinlari yaratish sharti bilan sotish ishlari davom etmoqda. Yil yakunigacha yana 39 ta davlat aktivlarini auksion savdosiga chiqarish rejalashtirilmoqda.

Viloyatdagi 81 ta davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimi joriy etilgan. Muassislar oʻtgan yil yakunlari boʻyicha umumiy yigʻilishlarini oʻtkazib, davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan 7.173,3 million soʻm dividend toʻlovlarini davlat byudjetiga toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. Shuningdek, davlat ishtirokidagi korxonalarning samaradorlik koʻrsatkichlarini baholab borish uchun agentlik KPI dasturini joriy etib, korxonalarning biznes–rejalari, moliyaviy koʻrsatkichlari elektron tarzda tahlil qilmoqda. Ijro organlari olib borayotgan ishlar koʻrsatkichlariga avtomatlashtirilgan dastur orqali baho berish yoʻlga qoʻyilgan.
Uchrashuvda investitsiya majburiyatlari bajarilishi, bankrot korxonalarni tugatish, sud boshqaruvchilari faoliyati, davlat ishtirokidagi korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, davlat ulushi mavjud jamiyatlar, xususiy korxonalar va davlat obyektlaridan samarali foydalanish sohasida olib borilayotgan ishlar xususida ham atroflicha fikr almashildi.
Mahalliy va respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi xodimlari joylardagi qator korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Dastlab “KLASS EXPO SURXON” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonasida boʻldi.
Mustaqilligimizning 29 yillik bayrami arafasida ilk bosqichi ishga tushirilgan korxona Termiz shahridagi maʼmuriy va xoʻjalik binosi oʻrnida tashkil etilgan. Viloyat hokimining tegishli qarori bilan 1 yil 6 oy muddatda oynaga ishlov berish va qayta ishlash faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 1 million 500 ming dollar investitsiya kiritish va ellikdan ortiq ish oʻrni yaratish sharti bilan “nol” xarid qiymatida berilgan.
Press-tur ishtirokchilariga korxona rahbari Q.Allakov foydalanilmay turgan bino va inshootlarning oldingi holati hamda oʻtgan davrda sarmoyadorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida gapirib berdi.
Yiliga 3.5 ming metr-kvadrat oynaga ishlov berish va qayta ishlash quvvatiga ega korxonaga 1 million 500 ming dollar qiymatidagi investitsiya kiritilib, 50 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan. Kelgusida mahsulotning mahalliy bozordan ortiq qismi xorijga eksport qilinadi. Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur korxonadan bir yilda byudjetga 1.200 milliard soʻm mablagʻ tushadi.

–Sarmoyadorlarimiz investitsiya kiritish majburiyatlarini bajarishni davom ettirayotgan bir paytda koronavirus pandemiyasi faoliyatimizga oʻz taʼsirini koʻrsatdi, – deydi qoʻshma korxona rahbari Q.Allakov. – Karantin cheklovlari joriy qilinishi oqibatida xorijdan keltirilgan ayrim texnologiyalarni oʻrnatib beruvchi mutaxassislar Xitoydan yetib kela olmadi. Shu sababli Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasidan investitsiya kiritish muddatini 6 oyga uzaytirib berishda amaliy yordam soʻradik. Bu masala ijobiy hal etildi. Xorijlik mutaxassislar ham uskunalarni belgilangan muddatda oʻrnatib berishni oʻz zimmasiga oldi. Kelgusida esa korxonani kengaytirish hisobiga yana 70 ta ish oʻrni yaratishni rejalashtirayapmiz.
"ROSHER” oilaviy korxonasi ikki yil muqaddam goʻshtni qayta ishlab, kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini tashkil etish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasiga boʻsh turgan davlat obyekti ajratilishida amaliy yordam soʻrab murojaat etgan. Shunga muvofiq tadbirkor faoliyat yuritmay tashlandiq holga kelgan qozonxona binosiga goʻsht mahsulotlaridan kolbasa ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun ikki yil muddatga 1 milliard 500 million soʻm investitsiya kiritish va 12 ta ish oʻrni yaratish sharti bilan “nol” xarid qiymatida egalik qilgan.
Oʻz mablagʻlari va tijorat bankining kredit mablagʻidan oqilona foydalangan oilaviy tadbirkorlar oʻtgan davrda 2 milliard 600 million soʻm sarmoya kiritib, shartnoma shartlarini ortigʻi bilan bajardi. 12 kishining bandligini taʼminladi. Korxona rahbari S. Nosirovning taʼkidlashicha, bu yerda hozir 12 turdagi sifatli, arzon kolbasa va kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va hududiy boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-apreldagi 182-qaroriga asosan “TERMIZ KANSELARIYA MOLLARI” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qurilishi tugallanmagan sobiq temir yoʻl shifoxanasining maʼmuriy binosi zamonaviy televizor ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish uchun 16 milliard soʻm investitsiya majburiyati va 50 ta ish oʻrni yaratish sharti bilan berilgan. Lekin, mahalliy investor vohada koʻproq yangi ish oʻrni yaratish uchun zamonaviy tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni maqsad qilib, televizor ishlab chiqarish loyihasini zamonaviy tipdagi tekstil fabrikasi tashkil etish loyihasiga oʻzgartirib berishda amaliy yordam soʻrab murojaat etgan. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat boshqarmasi bu masalada investorga yaqindan koʻmaklashib, murojaatini hukumat darajasida hal etishga yordam bergan. Loyiha toʻliq amalga oshirilganligi uchun maʼmuriy bino xususiy mulk qilib berilgan. Bu yerga 17 milliard soʻm sarmoya kiritilib, 800 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Ayni paytda korxonada arzon, bejirim bolalar, ayollar va erkaklar kiyim-kechaklari ishlab chiqarilib, mamlakatimiz ichki bozorida sotilmoqda.
Shu kuni jurnalistlar korparativ boshqaruv kodeksi joriy etilgan “Denov vino-aroq” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.
Aksiyadorlik jamiyatida korporativ boshqaruv kodeksi joriy etilganiga bu yil besh yil boʻldi. Yangicha tizimda foliyat yuritayotgan jamiyatda aksiyadorlar umumiy yigʻilishida qabul qilingan nizomlarning qoʻllanilishi oʻz samarasini bermoqda. Xususan, jamiyat ijro organi faoliyati aksiyadorlar uchun shaffof holatga keldi. Aksiyadorlarning jamiyat faoliyatiga oid tegishli hujjatlari bilan muntazam tanishtirib borilishi daromadlarni oshirdi. Masalan, 2015-yilda korxona 1 milliard 300 million soʻm sof foyda olgan boʻlsa, oʻtgan yil yakunida bu koʻrsatkich 1,9 milliard soʻmga koʻpaydi.
Bu yerda tadbir ishtirokchilarini korparativ boshqaruv kodeksi joriy etilishidan aksiyadorlar va korxonaga qanday naf bor, degan savol qiziqtirdi.
–Avvalo, olingan sof foydaning maʼlum bir qismi aksiyadorlarga dividend uchun ajratiladi,– deydi korxona direktori oʻrinbosari F. Davlatov.– Bu aksiyadorlar jamiyatdagi aksiya ulushiga mutanosib ravishda daromad olishiga, jamiyat ijro organi esa faoliyat samaradorligini yana-da oshirishga intiladi. Tahlil etadigan boʻlsak, oʻtgan yil yakuni bilan bitta aksiyaga 1169,20 soʻmdan divident toʻlangan. Yoki shunga mos ravishda korxonada samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari ham yildan yilga oshgan. Buni davlat aktivlarini boshqarish agentligining elektron bazasidan ham koʻrish mumkin. Unga har chorakda jamiyat koʻrsatkichlari koeffitsiyenti va choraklik biznes reja koʻrsatkichlari kiritib borilmoqda.
Press-tur yakunida tashkilotchilar tadbir qatnashchilarini Sariosiyo tumanidagi “Shoʻrtanneftgaz-Tekstil” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga ham taklif etib, bu yerda yuzaga kelgan muammo bilan tanishtirdi. Faoliyati toʻxtab qolgan korxonani targʻib qilib, masalani yechishga koʻmaklashni soʻradi.
Gap shundaki, korxonaning 100 foiz davlat ulushi 56 787,9 million soʻmga baholanib, joriy yil aprel oyida auksion savdosiga chiqarilgan.
Korxonaga Italiya davlatidan 118 ta zamonaviy paypoq ishlab chiqarish dastgohi keltirilgan boʻlib, ayni paytda foydalanilmasdan boʻsh turibdi.
Masʼuliyati cheklangan jamiyatning davlat ulushi bir necha marta takroriy savdoga chiqarilgan boʻlsa-da, oʻz xaridorini topmayapti. Shu bois uning boshlangʻich narxi bosqichma-bosqich uch marta pasaytirilgan holda 42 093,2 million soʻm, yaʼni nominal qiymatda takroriy auksion savdosiga chiqarilgan. Sarmoyadorlar qiziqish bildirmayotgan korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyib, undan samarali foydalanish uchun baholangan qiymatni nominal qiymatgacha pasaytirish mexanizmi qoʻllanilib, savdoga chiqarilgan 100 foiz davlat ulushi viloyat hududiy tanlov komissiyasining qaroriga asosan baholangan qiymatni 50 foizgacha pasaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinib, Davlat tender komissiyasiga taklif kiritilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bu taklif eʼtiborga olinsa, davlat ulushi oʻz xaridorini topishi, korxona rivojlanishi, togʻli, chekka tumanda yangi ish oʻrnilari barpo etilib, koʻplab xotin-qizlar va yoshlarning bandlik masalasi hal etilishi mumkin.