FOTOREPORTAJ
Andijonda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati soha xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat sport boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqalarda jurnalist va blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Musobaqalar sportning tennis, stol tennisi va arg‘imchoqda sakrash turlari bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida tashkil etildi. Barcha ishtirokchilar sport turlari bo‘yicha yakka tartibda bahslashdi.
[gallery-24053]
– Musobaqani tashkil etishda faollik ko‘rsatgan Jurnalistlar uyushmasining viloyat bo‘limi hamda sport boshqarmasiga minnatdorchilik bildiraman, - deydi jurnalist Avazbek Qo‘chqorov. – Bugungi tadbir sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bilan birga, hamkasblar o‘rtasida do‘stona muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bunday musobaqalar muntazam o‘tkazilishini istardik.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tennis bo‘yicha faxriy jurnalist Ashurali Mamatov birinchi, A’zamjon Qodirov ikkinchi o‘rinni egalladi. Stol tennisi musobaqasida erkaklar o‘rtasida Avazbek Qo‘chqorov g‘olib chiqdi, Dilmurod Parpiyev ikkinchi o‘rinni egalladi. Ayollar o‘rtasidagi bahslarda esa Muqaddas Rahmonova birinchi, Ruhshona Alimjonova ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Arg‘imchoqda sakrash bo‘yicha Fotima Odilova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA