FOTOREPORTAJ
Andijon shahrida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi kutubxona markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida seminar-trening o‘tkazildi.
“Jurnalistning raqamli davri: vositalar, surishtiruvlar, manipulyatsiyadan himoya” mavzusida tashkil etilgan mazkur ikki kunlik trening jurnalist va blogerlarni sohadagi zamonaviy yondashuvlar va texnologiyalar bilan tanishtirish, ularning malakasini oshirishga qaratilgan.
Tadbir davomida ishtirokchilarga sun’iy intellekt va mashinali o‘rganish texnologiyalarining jurnalistikadagi o‘rni, yangi media formatlari hamda platformalar, multimedia jurnalistikasi asoslari, kontent turlari va ishlash vositalari haqida keng ma’lumot berildi.
Shuningdek, faktcheking usullari, ishonchli manbalar bilan ishlash, manipulyatsiya turlari va ularni aniqlash, til, foto va video orqali manipulyatsiya, ijtimoiy tarmoq algoritmlari orqali ta’sir o‘tkazish mexanizmlari batafsil muhokama qilindi. Trening doirasida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, amaliyot mashg‘ulotlari va guruhli ishlar orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi.
[gallery-23886]
– Bugungi global axborot maydonida jurnalistdan nafaqat tezkorlik, balki tahliliy fikrlash, faktlarga tayanish, manipulyatsiyani fosh etish salohiyati talab etilyapti, - deydi O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi raisi Maxpura Ortiqova. – Bu kabi treninglar soha vakillari uchun juda zarur. Seminar jarayonida eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish, amaliyotga yaqin yondashuvlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA