Jurnalistlar institut faoliyati bilan tanishishdi
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentimiz raisligida joriy yilning 16 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan mamlakat oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, ulardan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Institut rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Teshayev "Buxoro davlat tibbiyot instituti: erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalar" mavzuidagi ma’ruzasida oliygohning o‘quv va ilmiy salohiyati, so‘nggi yillarda erishilgan natijalar va istiqbolli loyihalar xususida to‘xtaldi.
Ta’kidlanishicha. ayni kunda Buxoro davlat tibbiyot institutida 8 ta fakultet va 42 ta kafedra, 12 ta bakalavriat va 24 ta mutaxassislik bo‘yicha magistratura yo‘nalishlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Tibbiyot sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida kelgusi o‘quv yilidan yana 2 ta yangi fakultet, 3 ta kafedra, 1 ta bakalavriat va 6 ta magistratura yo‘nalishida mutaxassislik ochilishi rejalashtirilmoqda.

"Tibbiyotda nanotexnologiya", "Raqamli tibbiyot", "Biologiya: bioinjiniring texnologiyalari", "Biokimyo (tibbiyotdagi genetika)" kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari sonini yanada ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. Hozirda institutda tahsil olayotgan talabalar soni 5 ming 409 nafarni tashkil etadi. Yangi o‘quv yo‘nalishlari hisobidan yosh mutaxassislar sonini 6 ming 963 nafarga yetkazish imkoni yaratiladi.
2020 yilda institutda 400 nafar chet ellik talaba tahsil oldi. Joriy yilda esa bu yerda Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Tukmaniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlardan kelgan 600 nafar chet ellik yosh iste’dod sohiblari tahsil olmoqda. Xalqaro ta’lim aloqalari sohasida amalga oshirilayotgan ishlardan biri Hindiston Respublikasidagi xalqaro Noida universiteti bazasida Buxoro davlat tibbiyot institutining filiali ochilgani tufayli institutning chet ellik talabalari soni ortdi.
Joriy yil yakuniga qadar institutning ilmiy salohiyati 43,2 foizni tashkil etadi. Oliygohda 450 nafar professor va o‘qituvchi mehnat qilmoqda. Ulardan 40 nafari fan doktori, 160 nafari fan nomzodi, 34 nafari esa ilmiy ish bilan shug‘ullanayotgan doktorant, 74 nafari mustaqil tadqiqotchi. Shuningdek, tibbiyot rivojlangan chet ellarda 5 nafar iqtidorli yosh olim o‘z dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan olimlar. Umuman, bu yil yakuniga qadar institut bazasida 30 ta ilmiy ish himoya qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, "Mikrobiologiya va virusologiya" hamda "Yuqumli kasalliklar" mutaxassisliklari bo‘yicha ilmiy kengash tuziladi.
Institutning 44 nafar talabasi 2021 yilda respublika va xalqaro olimpiadalarda sovrinli o‘rinlarni egallab, nufuzli stipendiyalar va mukofotlar egalariga aylandi. Kutilayotgan yangiliklardan biri esa joriy yilda institutning yangi kampusi foydalanishga topshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining o‘ttiz yilligi tantanalari kunlarida ochiladigan mazkur majmuada talabalar shaharchasi, poliklinika va talabalar turar joylari, ilmiy-laboratoriyalar yoshlar ixtiyoriga topshiriladi. Bu yerda molekulyar genetik laboratoriya, o‘quv va simulyatsiya markazi, dorivor o‘simliklarni yetishtirish uchun yer ajratish, kichik ilmiy va amaliy an’anaviy tibbiyot sohasida zarur dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish uchun farmatsevtika zavodini tashkil etish ham belgilangan.

Matbuot anjumanida Oliy ta’lim dargohi so‘nggi to‘rt yilda mamlakatimiz milliy reytinglarida bir necha o‘nlab pog‘onaga ko‘tarilgani to‘g‘risida ma’lumot berildi. Jumladan, 2017 yilda institut milliy reytingda 41-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020 yilga kelib respublikaning eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari o‘nligiga kirdi. Institutning xalqaro jozibadorligini oshirish va jahon reytinglarida barqaror pozitsiyalarini egallash borasida aniq maqsadli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilinmoqda.
Mabuot anjumanida jurnalist va blogerlar tomonidan bevosita ta’lim jarayoni va talabalar hayoti borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida berilgan savollarga batafsil javob berildi. Ta’lim dargohida yangi tashkil etilgan Abu Ali Ibn Sino nomidagi ilmiy laboratoriya faoliyati bilan tanishish ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriya aholiga pullik xizmat ko‘rsatish bilan birga institutda ta’lim olayotgan talabalarda klinik va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Ilmiy laboratoriyada 150 dan ortiq tahlil turlari amalga oshiriladi. Shuningdek bu yerda videokameraga ulangan zamonaviy binokulyar mikroskoplar mavjud. Ular yordamida qon surtmalari va gistologik to‘qimalar bevosita o‘quv xonalaridagi elektron doskaga uzatiladi. Talabalar o‘quv xonasidan turib laborator tahlillar o‘tkazilishi jarayoni va ularning natijalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, ilmiy laboratoriya yonida zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari tashkil etilgan. U yerda talabalar uchun turli fanlar bo‘yicha klinik mashg‘ulotlarni o‘tish va bevosita laboratoriya ishlarini bajarish imkoni yaratilgan.
Zarif Komilov, O‘zA