Ikki kunlik “G20”...
Ikki kunlik “katta yigirmalik” sammiti o‘tdi-ketdi. U boshlanmasdan qilingan taxminlarning ham hammasi ijobat bo‘lmadi. Mezbon davlat rahbari “bu yerda siyosat mavzusi muhokama qilinmaydi, anjumanda faqat global iqtisodiy masalalar ko‘riladi”, deganiga qaramay Rossiya – Ukraina inqirozi dunyo yetakchilarining tilidan tushmadi.
Hatto bu mojaro sabab yirik xalqaro anjumanlarda an’anaviy bo‘lgan “oilaviy rasm”ga tushilmadi. Aksariyat yetakchilar Rossiyani tamsil etgan tashqi ishlar vaziri bilan rasmga tushishdan bosh tortishdi. Bunga esa, balki, rus siyosatchisining ham aybi bordir.
Darvoqe, rus tashqi siyosat mahkamasining rahbari iyul oyida “katta yigirmalik” tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishi tugar-tugamas tadbirni tark etgandi, tadbirning yakuniy bayonoti qabul qilinmay qolgandi o‘shanda.
“G20” ishi xususida dunyo ekspertlari unda global muammolar hal qilinmadi, mintaqalashuvning kuchayishi va iqtisodiy, siyosiy sohalarda keskinlikning yangi konturlari namoyish etildi, deb baholashdi.
Lo‘ndaroq aytganda, “G20” sammitida oziq-ovqat xavfsizligi, Tayvandagi keskinlik, shuningdek, raqamli transformatsiya masalalari birinchi ko‘rildi.
Indoneziya rivojlanish yo‘liga kirgan va qashshoq mamlakatlarning umumiy qarzi 12,9 milliard dollarga yetganini inobatga olib, ularning qarzlarini yengillashtirish rag‘bati haqida gapirdi. Tahlilchilarga ko‘ra, 50 ga yaqin kambag‘al mamlakatlar qarzlarini to‘lashni kechiktirishni so‘rab murojaat qilishgan. “Bu muammoning yechimi emas, qarz saqlanib qoladi”, deyishdi ular.
Yuqori darajadagi inflyatsiya, iqtisodiy tanazzul qarzlarni to‘lashga imkon qoldirmayapti. Indoneziya esa hamkasblarini ularga ko‘maklashishga chorladi.
“G20” davlatlari 1,4 milliard dollarlik COVID-19 pandemiya jamg‘armasi tashkil etishga kelishdilar. Bu mablag‘ kelgusi besh yil ichida sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga va byudjetlardagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga sarflanadi.
Rossiya yetakchisi birinchi marta gap-so‘zlardan qochib, Baliga bormadi. 2014 yilning kuzida Avstraliyada o‘tgan “G20” sammitida bahorda tilga tushgan Qrim masalasi mutlaqo ko‘tarilmagan edi. To‘g‘ri, faqat “ikkilik” uchrashuvlarida mazkur muammo muhokama qilingan edi, xolos...
Endi esa Rossiyani “katta yettilik”dan chetlashtirishmoqchi bo‘lishdi. “Uni bunday forumdan chiqarish mavjud muammolarni yechimiga zamin bermaydi, balki global iqtisodiyotdagi vaziyatni yanada chuqurlashtirishga olib keladi”, deb fikr bildirgan ekspertlar bor edi.
Muhokamalar jarayonida uzoq tortishuvlardan so‘ng 50 banddan iborat “katta yettilik”ning yakuniy deklaratsiyasi qabul qilindi. Mezbon Prezident aytganidek, hujjatdagi Ukraina atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq band qizg‘in bahs uyg‘otdi. Mojarochi bir davlat nomi besh marta zikr etildi...
Rossiya TIV rahbari Kremlning talabi bilan yakuniy hujjatda Ukraina masalasida “qatnashuvchi a’zo-davlatlarning qarashlari turlicha bo‘ldi” degan ibora kiritilganidan mamnun qolganini aytdi.
Bali sammitida diqqatga sazovor voqealar ham ko‘zdan qochmadi.
“G20” qatnashchilari sharafiga berilgan rasmiy ziyofatda mehmonlar Indoneziyaning an’anaviy milliy qiyofatlari bilan ishtirok etdilar. Mezbon rahbar va uning ayoli batik (bo‘yog‘iga parafin, yelim, lak, mo‘m qo‘shilgan mato)dan tikilgan kiyimda mehmonlarni kutib olishdi.
Buyuk Britaniya, Hindiston, Kanada Bosh vazirlari, Xitoy Raisi va Rossiya vaziri turli rangdagi milliy batik kiyimi kiydilar. Turli qiyofalar, rang-barang kiyimlar...
Daraxt o‘tkazish marosimida esa barcha ishtirokchilar oppoq libosga sammit ramzi tushirilgan ko‘ylakda edilar...
Xorijiy yetakchilarning ayrimlari Indoneziyaning havosini ko‘tara olmadilar.
Argentina Prezidenti Fernandesu anjumanning ochilish marosimida qon bosimi oshib, zalni tark etdi. Nutqi qog‘ozda qolib ketdi. Sammit ishini kasalxonada yotib, kuzatdi.
Kambodja hukumati raisi Xun Sen “COVID”ga chalingani aniqlandi. Ikki kun avval Amerika rahbari bilan ko‘rishgan edi, u esa sog‘lom qoldi.
Dunyo yetakchilariga hamrohlik qilgan ayollariga Indoneziya rahbarining xonimi Iriana mezbonlik ko‘rsatib, qo‘l ishi bo‘lgan milliy batik kiyimi tayyorlash jarayoni bilan tanishtirdi, mahalliy yemaklardan tottirdi. Mehmonlar milliy musiqa asbobi — gamelanedan taraqalgan kuydan bahra oldilar.
Vahimalari bilan dunyoni ag‘dar-to‘ntar qiladi, degan sammit shunday osoyishta yakun topdi...
Polsha va raketa...
Polshaning chegaradosh qishlog‘iga raketa tushishi to‘g‘risidagi xabar tarqalishi bilan “yigirmalik” qatnashchilarining aksariyati bir mamlakat tomonidan amalga oshirilganini ishonch bilan aytishdi.
Moskva Mudofaa vazirligi Rossiya – Ukraina mojarosi rejali davom etayotgani, Polsha nishonga olinmaganini qayd etdi.
Razvedka ma’lumotlariga tayanib, Amerika yetakchisi birinchi bo‘lib, bu Moskva tomonidan otilmagan, deb bayonot berdi.
Turkiya rahbari esa ruslarning raketa inkori haqidagi gaplariga ishonishini ta’kidladi.
Xullas, G‘arb raketa Ukrainaniki, deb xulosa chiqardi, Kiyev esa bu baribir “Rossiyaning ishi, uning izini topib beramiz”, deb turib oldi.

Nazarimizda eng to‘g‘ri gapni NATOning Bosh kotibi aytdi: Pshevoduv qishlog‘ida ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan S-300 raketalari Kiyev tomonidan kelgan, ammo “mas’uliyat baribir Kremlda qoladi”.
Germaniya kansleri shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmaslik, barcha holatlarni sinchiklab o‘rganishga chaqirdi. Keyingi gapi dangal chiqdi: “Bir narsa aniq: Rossiya – Ukraina ziddiyati bo‘lmaganida bularning hech biri sodir bo‘lmasdi”.
Ilk soatlarda Pentagon samolyotlari Polshaga qulagan raketani kuzatib borgani haqida xabar tarqaladi. Raketalar Rossiyadan Polshaga yetib kelishi ancha dargumon, deb aniq-tiniq aytildi. Polsha va Amerika mutaxassislari guruhi voqea joyida tergov harakatlari olib bormoqda, natijasi yaqin kunlarda chiqar emish.
Ayblov chiqarishga nega shoshilmayapti? Ehtimollar ko‘p...
Yuzaga kelgan keskin vaziyat Yevropa va global xavfsizlikka tahdid jiddiy ekanini ko‘rsatmoqda, deydi ekspertlar. Ukraina rus raketalariga qarshilik ko‘rsatmoqchi edi, ular yo‘nalishni o‘zgartirib, bir qishloqqa kelib tushdi. Demak, bu voqea har vaqtda kengroq kontekstga aylanib ketishi xavfi qanchalik yaqin ekanini ko‘rsatmoqda.
Aksariyat ekspertlar G‘arbning Kiyevga zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa harbiy anjomlarni yetkazib berishni ko‘paytirishi aniqlashdi.
NATO Polsha, Vengriya, Slovakiya va Boltiq davlatlari bilan chegaralarini mustahkamlashga oshiqadi, deydi tahlilchilar.
“Yigirmalik” boshlanmasidan uch-to‘rt kun ichida Istanbulning markazida ikki portlash bo‘ldi. Sammitning oxirgi ish kuni esa raketa voqeasi...
Dunyo yetakchi davlatlarining ko‘ngliga qo‘rquv solishmasmidi bu?
Istanbul birinchi voqeasining bevosita ishtirokchisi 10 soatda qo‘lga olindi. Huquq idoralari shahardagi bir ming ikki yuzta videokamerani sinchiklab ko‘zdan kechirib, terrorchining iziga tushdi.
Yana bittasini ikki kun o‘tar-o‘tmas Suriyadan tutib keltirishdi...
Ikki oydirki, “Shimoliy oqim” fojiasi to‘g‘risida hali ham aniq xulosa yo‘q. Raketa voqeasi buncha cho‘zilmas balki...
Tramp rejasi...
AQSHning 45-Prezidenti Donald Tramp Oq uyga qaytish rejasini e’lon qildi. Amerika Federal saylov komissiyasi uning arizasini qabul qilib olganini tasdiqladi.
Ekspertlar uning saylovda qatnashishi uchun partiyasidan mandat olishi mumkin ekanini taxmin qilishsalar ham, Oq uyga qaytishi ancha mushkul ekanini aytishmoqda. Ammo Tramp o‘z bayonoti bilan respublikachi-raqiblariga jiddiy muammo yaratgani turgan gap.

“Amerikani qayta buyuk davlat qilaman”, degan niyati yaxshidir balki, ammo saylovlarga rosa ikki qovun pishig‘i bor hali...
Saylovoldi va’dalar berishni boshlab yubordi. Eng avval saylov tizimini isloh qilmoqchi. 2020 yilgi saylovlarda g‘irromliklar haqida gapira turib, “fribgarlikni bartaraf qilaman, saylovda faqat qog‘oz byulletenlaridan foydalangan holda ovoz berish talabini kiritaman”, dedi.
Tramp oxirgi saylovda yutkazganini sirayam hazm qilolmaydi. Uning fikricha, saylov natijalari undan o‘g‘irlangan, aslida u g‘olib bo‘lgan emish.
Tarafdorlarining Kongressga oraliq saylovlar natijasi e’lon qilingach, o‘z rejasi bilan o‘rtoqlashish haqidagi tavsiyalariga ham quloq osmadi. Uni qo‘llovchilari ko‘p bo‘lgan Arizona va Pensilvaniyada senat va gubernatorlikka saylovlar ikkinchi turda davom etadi.
Tahlilchilar bo‘lg‘usi saylov shtabining a’zolarini ham tayinlab qo‘ygan, deyishadi. Oq uyning siyosiy ishlar bo‘yicha sobiq maslahatchisi Brayan Jek va sobiq yordamchisi Jastin Kaporal, shuningdek, Tramp ma’muriyatining xodimlari Kleyton Xenson va Aleks Letch bor.
“Fox News Digital”ga bergan intervyusida Trampning katta qizi Ivanka otasining saylovoldi kampaniyasida qatnashishdan bosh tortgan. Izohida “Otamni doim sevaman, bu safar kichik farzandlarim va oilamdan ajrab, siyosiy maydonga tusholmayman”, dedi.
Otasining prezidentlik davrida qizi va uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushner unga maslahatchilik qilishgan.
Tramp respublikachilardan birinchi bo‘lib, o‘z nomzodini ko‘rsatdi, bu esa imkoni bo‘lgan boshqa nomzodlarning rejasini buzib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Partiyadoshlari orasida eng katta raqibi Florida gubernatori Desantis edi...
Ayrim ekspertlar Trampning saylov istagi amalga oshmay qolishi mumkin, deb faraz qilmoqdalar. U avvalgi saylovlardan keyin Kapitoliyani qo‘lga kiritishga urinishlar qilgani hamda Oq uydan maxfiy hujjatlarni olib chiqib ketgani bilan bog‘liq tergov ishlari davom etayotganini bot-bot eslatib turishadi.
Ekspertlar respublikachi-tarafdorlari haliyam ko‘pligini aytishadi. Saylovda uning g‘alaba qozonish shansi kam ishorasini berib, respublikachilar 2024 yilgacha yangi nomzod ko‘rsatadilar, deb taxmin ham qilishadi...
Buguncha shu!
Kelasi jumada xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov, O‘zA siyosiy sharhlovchisi