O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga to‘laqonli a’zo bo‘lishi mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Mazkur xalqaro tashkilotga a’zolik O‘zbekistonning ko‘p tomonlama savdo tizimiga qo‘shilishida, tashqi savdo siyosatida katta ahamiyatga ega bo‘lib, adolatli savdo tizimini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Shu bois mamlakatimizda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlari jadal olib borilmoqda. Milliy qonunchilikni unga uyg‘unlashtirish, tartib va standartlarni xalqaro talablarga moslashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Poytaxtimizda 13-16 avgust kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda bir qator davlat organlari vakillari ishtirokida Jahon savdo tashkilotining huquqiy tizimi va ushbu tizimning qonunchilik jarayonlari masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.

Trening Qonunchilik palatasining Qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha komissiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha vakili hamkorligida “O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayoniga ko‘maklashish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Anjumandan ko‘zlangan maqsad xalqaro savdoni huquqiy tartibga solish, JST huquqiy tizimi asoslari, shuningdek, milliy qonunchilikni JST bitimlari qoidalariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha seminar ishtirokchilarining salohiyatini oshirishdan iborat.
Seminar-treningda JST masalalari bo‘yicha xalqaro darajadagi ekspertlar — JST Apellyatsiya organi sobiq a’zosi, bir qator xalqaro savdo nizolarida hay’at a’zosi bo‘lgan professor Piter Van den Bosh, uzoq yillar davomida JST tizimida turli rahbar lavozimlarda faoliyat olib borgan savdo masalalari bo‘yicha maslahatchi Hamid Mamdu, shuningdek, xalqaro savdo masalalarida 35 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat olib borayotgan ASHQdagi Djons Xopkins universitet professori hamda xalqaro savdo masalalariga ixtisoslashgan “Appleton Luff” advokatlik firmasi asoschisi Artur Appltonlar ishtirok etmoqda. Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, deputatlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha vakili, O‘zbekistonning JSTga a’zoligi bo‘yicha muzokarachilar guruhi a’zolari, “aql markazlari” vakillari ishtirok etyapti.

Trening davomida ishtirokchilar xalqaro savdodagi tarif, shuningdek, texnik tartibga solish, sanitar va fitosanitar choralar, subsidiyalash va demping masalalari kabi notarif choralar bo‘yicha asosiy qoidalar, ularni qo‘llash, xalqaro xizmatlar savdosini tartibga solishning o‘ziga xosligi, xalqaro savdoning intellektual mulk huquqi bilan bog‘liq jihatlari, JST doirasida xalqaro iqtisodiy nizolarni hal qilish borasida to‘liq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Seminarda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazishda qonunchilik islohotlarining o‘rni, bu borada qonun ijodkorligi masalasida ilg‘or xalqaro tajribalar haqida fikr almashildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA