Sog‘liqni saqlash vazirligida JSST vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tashkilotning mamlakatimizdagi vakolatxonasi xodimlari JSST va O‘zbekiston o‘rtasida 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi hamda tashkilotning Yevropa ish dasturi (2026-2030 yillar uchun) taqdimotini o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Strategiya Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan mamlakatimiz uchun ishlab chiqilgan va hududimiz uchun moslashtirilgan birinchi hujjat bo‘lib, unda O‘zbekiston xalqining salomatligi va farovonligini yaxshilashga intilish aks etadi hamda u mamlakatni sog‘liqni saqlash sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarga erishishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ilgari imzolangan va ikki yillik davrni qamrab oluvchi hamkorlik dasturlaridan farqli o‘laroq, strategiya harakatlar uchun qo‘llanma bo‘lib, 6 yilga mo‘ljallangan hamda sog‘liqni saqlash sohasini transformatsiya qilish borasidagi umumiy qarashlar va ustuvor yo‘nalishlarni aks ettiradi. Har yili uni ish rejalar va aniq dasturlar bilan to‘ldirish mumkin.
Hujjat sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge tomonidan joriy yil 8 aprel kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro anjumanda imzolanadi.
Uchrashuv davomida tashkilotning Ikkinchi Yevropa ish dasturi (2026 –2030 yillar uchun) ham taqdim etildi. Hujjat besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, JSSTning global strategiyasini mintaqaviy kontekstga moslashtirish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtirishga xizmat qiladi. U qariyb milliard odamning salomatligini yaxshilashga qaratilgan.
Hujjat a’zo davlatlar tomonidan 2025 yil 28-30 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan JSSTning Yevropa mintaqaviy qo‘mitasi 75-sessiyasida tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
M.Qosimova, O‘zA