JSST og‘iz bo‘shlig‘i salomatligini nazorat qilishning yangilangan modulini taqdim etdi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Byulletenida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavf omili monitoringi bo‘yicha bosqichma-bosqich yondashuv (STEPS) uchun qayta ko‘rib chiqilgan og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi moduli e’lon qilindi. Zamonaviy va amaliy yondashuvga asoslangan mazkur yangilangan tizim mamlakatlarga og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari bo‘yicha aholi darajasidagi ma’lumotlarni to‘plash, milliy siyosatni shakllantirish hamda sog‘liqni saqlash dasturlari ijrosi ustidan monitoringni kuchaytirish uchun zarur ilmiy dalillarni taqdim etadi.
Ma’lumki, JSSTning STEPS tuzilmasi og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarini ham o‘z ichiga olgan yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning (YUBK) xavf omillari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash uchun xalqaro miqyosda keng qo‘llaniladigan standartlashtirilgan yondashuv hisoblanadi. Sohadagi ishonchli va siyosiy jihatdan muhim ma’lumotlar yetishmasligini hisobga olib, tashkilot 2024-yilda milliy kuzatuv tizimlarini qo‘llab-quvvatlash va joriy global monitoring ustuvorliklariga moslashish maqsadida mazkur modul qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.
JSSTning Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ruhiy salomatlik departamenti direktori, doktor Syoren Brostryomning ta’kidlashicha, yangilangan STEPS og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi moduli davlatlarga bunday kasalliklarni kengroq YUBK kuzatuviga integratsiya qilishning amaliy yo‘lini beradi. Ushbu yondashuv orqali og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari hamda boshqa yuqumli bo‘lmagan xastaliklarning umumiy xavf omillari bo‘yicha ma’lumotlar shakllantirilib, sog‘liqni saqlash tizimlarida yanada samarali profilaktika strategiyalarini belgilash va to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkoniyati yaratiladi.
Qayta ko‘rib chiqilgan modulning eng muhim yangiliklaridan biri uni odatiy STEPS so‘rovnomalari doirasida amalga oshirish osonligidir. Ultrasoddalashtirilgan so‘rovnoma va oddiy klinik baholash shunday loyihalashtirilganki, ma’lumotlarni to‘plash jarayonini faqatgina maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, lekin stomatologiya mutaxassisi bo‘lmagan so‘rov o‘tkazuvchi xodimlar ham amalga oshirishi mumkin. Bu esa og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari monitoringini kengroq miqyosda va kam xarajat bilan tashkil etishga xizmat qiladi.
Yangilangan modulning asosiy xususiyatlari shundaki, siyosiy va amaliy jihatdan muhim bo‘lgan og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi va tibbiy xizmatdan foydalanish ko‘rsatkichlariga qaratilgan yangilangan so‘rovnoma; og‘iz bo‘shlig‘i sohasiga aloqador bo‘lmagan, ammo maxsus tayyorgarlik ko‘rgan xodimlar tomonidan ham o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan qisqacha klinik baholash vositasi; JSSTning 2023–2030-yillarga mo‘ljallangan Og‘iz bo‘shlig‘i salomatligi bo‘yicha global harakatlar rejasi monitoring ramkasi va global kasalliklar yuki talablariga to‘liq muvofiqdir.
Mazkur yangilik mamlakatimizda ham aholi salomatligini asrash, kasalliklarning oldini olish va profilaktika choralarini xalqaro standartlar asosida kuchaytirish borasidagi islohotlar bilan hamohang bo‘lib, tibbiyotning mazkur yo‘nalishi rivojiga muhim hissa qo‘shadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA