Bugun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashkil etilganligiga 75 yil to‘ldi. Bundan 75 yil muqaddam, ya’ni 1948 yil 7 aprelda insoniyat tarixidagi eng halokatli urushdan qolgan asoratlarni bartaraf etish, ruhan va jismonan betob bo‘lgan dunyo ahliga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga asos solindi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) – xalqaro tibbiy tashkiloti bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ning ixtisoslashgan maxsus muassasasi hisoblanadi. 1945 yil fevralda BMT konferensiyasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. 1946 yilda sog‘liqni saqlash bo‘yicha Nyu Yorkda o‘tkazilgan Xalqaro konferensiyada BMTga a’zo 26 ta mamlakat tashkilot ustavini ratifikatsiya qildi.
Shu sababli 7 aprel sanasi butun dunyoda sihat-salomatlik kuni sifatida nishonlanadi. Tashkilot o‘z oldiga hamma xalqlarning iloji boricha sog‘-salomat bo‘lishiga erishishni maqsad qilib qo‘ygan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kasalliklarga qarshi kurash olib boradi, ularni tugatish tadbirlarini ko‘radi. Shu bilan birga, atrof muhit muhofazasi, yuqumli va yuqumsiz kasalliklarga qarshi kurash uchun xalqaro standartlar belgilash, dori moddalar sifati va qo‘shimcha ta’siri hamda narkotik moddalar ustidan xalqaro nazorat o‘rnatadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xalqaro karantin sohasida qator tadbirlarni amalga oshiradi ya’ni chechak, vabo va boshqa bilan kasallanish hollari to‘g‘risida mamlakatlarga o‘z vaqtida xabar berib boradi.
Tashkilot tarkibiga 6 regional tashkilot kiradi. Ular har birining o‘z ijroiya organlari va regional byurolari bor. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining oliy organi – Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasini mamlakatlar saylaydi. Tashkilotning rasmiy idorasi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan. Tashkilot mablag‘ining asosiy manbai unga a’zo bo‘lgan davlatlardan tushadigan badal pullardir.
1995 yil mamlakatimiz ham ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan va hozirgi kunda JSSTning vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda.
Tashkilot Konstitutsiyasining qabul qilinishi orqali davlatlar salomatlik insonning asosiy huquqi, tinchlik va xavfsizlik asosi sifatida tan oldilar. Tuzilmaning asosiy tamoyili ham har bir inson yuqori standartli, sifatli tibbiy xizmat olish huquqiga ega va bu huquq irqi, dini, siyosiy qarashlari, iqtisodiy yoki ijtimoiy mavqeiga bog‘liq emas.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklar davomida odamlarni kasalliklardan himoya qilishda ajoyib yutuqlarga erishildi. Masalan, JSST ko‘magida xalqaro hamjamiyat chechak kasalligini yengdi. Poliomiyelit bilan kasallanishni 99 foizga kamaydi.
Yana bir muhim yutuq, universal emlash tizimi joriy etilgani tufayli millionlab bolalarni saqlab qolishga va onalar o‘limini kamaytirish erishildi. Ilmiy kashfiyotlar, tibbiyotdagi yutuqlar va global sog‘liqni saqlash shartnomalari ana shu kabi yutuqlarga poydevor bo‘ldi.
Bu yil JSST chechak xastaligini yo‘q qilishning 40 yilligini nishonlaydi. Shu bilan birga, tashkilot va COVID-19 ga qarshi kurashda xuddi shunday birdamlikka chaqiradi.
Qayd etish kerak, zamonaviy antibiotiklar kashfiyoti tufayli insoniyat ilgari o‘limga olib keladigan yuqumli kasalliklarni davolashni, shuningdek, turli muolajalarni – organlarni transplantatsiya qilishdan tortib saraton kasalligi uchun kimyoterapiyani amalga oshirishni o‘rgandi. Reproduktiv salomatlik xizmatlaridan universal foydalanishni ta’minlash orqali millionlab ayollarning hayoti o‘zgardi.
Tashkilotning yana bir yutug‘i bundan yigirma yil muqaddam mamlakatlar tamaki iste’molini to‘xtatish uchun JSSTning sog‘liqni saqlash bo‘yicha birinchi global kelishuvi – Tamaki nazorati bo‘yicha JSST Konvensiyasini qabul qildi. Mamlakatlar, shuningdek, odamlarni sog‘liq uchun favqulodda vaziyatlardan himoya qilish va sog‘lig‘iga tahdidlarning oldini olish va ularga javob berish choralarini kuchaytirish uchun global asos bo‘lgan Xalqaro sog‘liqni saqlash qoidalarini amalga oshirish majburiyatini oldi.
Yubiley sana munosabati bilan e’lon qilingan maqolada JSST Bosh direktori doktor Tedros Gebreyesus shunday deydi, “JSST tarixi muhim – davlatlar umumiy maqsadga erishish uchun birlashganda, ular ko‘p narsaga erisha oladilar. Bizda faxrlanadigan ko‘p narsa bor, lekin oldimizda hali ko‘p ishlar bor.”
Shu bilan birga, JSST rahbari strategik ustuvor vazifa – tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning sonini ko‘paytirish va malakasini oshirish zarurligini eslatdi. Butun dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash xizmatlariga talab tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Afsuski, 2030 yilga kelib, asosan past va o‘rta daromadli mamlakatlarda kamida 10 million tibbiyot xodimi yo‘qolishi kutilmoqda.
Qayd etish kerak, tashkilot o‘tgan 75 yil davomida mamlakatlar sog‘liqni saqlash sohasida ajoyib yutuqlarga erishdi, 53 mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish 16 yilga oshdi. Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislarining fidokorona mehnati natijasida erishilgan ushbu yutuqlar insoniyat salomatligini sezilarli darajada yaxshilashga ko‘maklashmoqda.
Go‘zal Sattorova
Internet materiallari asosida tayyorladi
O‘zA