JSST byudjet va xodimlar sonini qisqartirmoqchi
Donald Tramp Oq uyga qaytgach, AQSH xalqaro tashkilotlarga ajratayotgan mamlag‘ni qisqartirish yoki umuman a’zolikni to‘xtatib, badal to‘lamaslik siyosatini yuritmoqda. Natijada ko‘plab jamg‘armalar moliyaviy ta’minotni qisqartirib, tejamkorlik sari qadam tashlashga majbur bo‘lmoqda.
Binobarin, faoliyat qisqarishi bajarilayotgan ish ko‘lamini ham cheklaydi. Masalan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti AQSH a’zolik va donorlik majburiyati to‘xtatilishini e’lon qilgach, mablag‘ yetishmovchiligi sharoitida ishlayapti.
“Frans Press” agentligi JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesusning ichki elektron pochtasiga tayanib yozishicha, yaqinda tuzilma rahbariyati yillik byudjetni 20 foizdan ko‘proq qisqartirish, xodimlar sonini ham kamaytirishni taklif qilgan.
– Faqat shu yilning o‘zida qariyb 600 million dollar yo‘qotildi, – deyilgan bayonotda. – Shu bois, 4,2 milliard dollarlik byudjetni yana qisqartirish taklifi kiritildi. Bu ko‘zlangan miqdordan 21 foiz kam.
Qisqasi, JSSTda faoliyati ko‘lami va xodimlari sonini qisqartirishdan boshqa chora yo‘q.

– Qisqartirish qarorgohdan, yuqori boshqaruvdan boshlanadi, ammo barcha daraja va mintaqalarga ta’sir qiladi, – deyilgan Gebreyesus maktubida. –AQSH tashkilotni tark etish bo‘yicha qaror qabul qilishidan oldin ham moliyaviy qiyinchilikni boshdan kechirayotgandik.
Gebreyesus moliyaviy muammoga yechim izlashga to‘qqiz oy oldin kirishganini aytdi.
Tramp mamlakat JSSTdan chiqishi haqidagi farmonni imzoladi. Yangi ma’muriyat mazkur tuzilma yetarli darajada samarali emasligi, siyosiy ta’sir ostida ekani va Qo‘shma Shtatlardan juda ko‘p mablag‘ so‘rayotganini ta’kidlagan.

Yaqinda ommaviy axborot vositalari JSSTning 2025 yil uchun byudjeti taqchilligi sababini ochib berdi.
E’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, AQSH to‘lovi to‘xtatilishi ortidan tashkilot byudjeti taqchilligi 2025 yil 600 million, 2026-2027 yillarda esa 1,9 milliard dollarni tashkil etadi.
– Yanvar oyida Tramp AQSH global sog‘liqni saqlash agentligidan chiqishini e’lon qildi, biroq ushbu qaror faqat 2026 yil yanvardan kuchga kiradi, – deb yozgan jurnalistlar.
S.Rahimov, O‘zA