Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida, mehnat jamoalarida, o‘quv yurtlarida 25 fevral – Jo‘xori gurtik kuni yuqori tashkilotchilik bilan o‘tkazilmoqda.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan talabalar turar joyida bayram munosabati bilan “Argoniya” mas’uliyati cheklangan jamiyat hamkorligida qoraqalpoq xalqining milliy taomi – jo‘xori gurtik tayyorlandi.
Talabalar turar joyi direktori Miyo‘agul Qallibekova tashabbusi bilan ushbu bayram uch yildan buyon nishonlanishi an’anaga aylangan.

– Har yili ushbu bayramni keng nishonlab, talabalar bilan birgalikda jo‘xori gurtik tayyorlab, ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan urf-odatlar, an’analar va qadriyatlar haqida suhbatlashamiz. O‘zaro fikr almashib, tariximiz va madaniyatimiz haqida ma’lumot beramiz. Ular qoraqalpoq xalqining milliy taomi jo‘xori gurtik va uning tayyorlanishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Albatta, bu bayram orqali biz yurtimizning o‘ziga xos madaniyati, tarixi, urf-odatlari va milliy taomimiz hisoblangan jo‘xori gurtikni dunyoga tanitishga hissa qo‘shamiz, – deydi biz bilan suhbatda Miyo‘agul opa.

Bayramda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Qarjaubay Reymov ishtirok etib, yoshlarimiz orasida milliyligimizni targ‘ib qilishga hissa qo‘shayotgan talabalar turar joyi jamoasiga va pedagog-tarbiyachilariga minnatdorlik bildirdi. Bayram tadbirida institut talabalari milliy liboslarda xalqimizning qiz-yigitlar aytishuvini o‘tkazib, shu bilan birga, milliy an’analarimiz, ularning tarixi haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Tadbir doirasida talabalar turar joyi jamoasi, nuroniy onaxonlar va yoshlar birgalikda milliy taom bayram dasturxoniga tortdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, 2023 yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida 25 fevral jamoatchilik tashabbusi asosida “Jo‘xori gurtik kuni” sifatida nishonlanib kelinmoqda. Har yili shu sanada aholi katta hamjihatlik namunasini ko‘rsatib, nafaqat oilalarda dasturxon atrofida, balki mehnat jamoalari, o‘quv yurtlarida, umumiy ovqatlanish maskanlarida ham yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri