Baliqchilik sohasini rivojlantirish maqsadida joriy yilda umumiy qiymati 870 milliard so‘m bo‘lgan 234 ta loyiha shakllantirilgan. Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 2000 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
AOKAda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Ro‘ziyeva ishtirokida brifing tashkil etildi. Unda qayd etilishicha, mavjud suv havzalarini intensivlashtirish va yangi intensiv texnologiyalarni joriy etish, sovuq suv baliqlarini yetishtirishni yanada kengaytirish, baliqlar uchun yuqori sifatli omuxta yem mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda baliq va baliq mahsulotlarini qayta ishlash kabi yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha baliqchilik loyihalari amalga oshiriladi.
Xususan, sovuq suv baliqlarini yetishtirish bo‘yicha joriy yilning o‘zida 21 ta quvvati 4 ming tonna bo‘lgan loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar asosan Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on, Norin tumanlarida, Toshkent viloyatining Angren, Bo‘stonliq, Qibray, Yangiyo‘l tumanlarida va Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi tog‘ va tog‘ oldi hududlarida amalga oshiriladi.
Baliq ozuqasini mustahkamlash maqsadida yillik ishlab chiqarish quvvati 30 ming tonna bo‘lgan 3 ta ya’ni, Surxondaryo, Namangan hamda Xorazm viloyatlarida baliqlarga omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etiladi. Joriy yilda Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida lichinka ishlab chiqaruvchi 8 ta inkubatsiya sexi hamda 330 gektar maydonda reproduktor havzalar barpo etiladi.
Mazkur loyihalar doirasida joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida umumiy qiymati 53,7 milliard so‘m bo‘lgan 53 ta loyiha ishga tushirildi hamda 218 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bugungi kunda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Fish City Uchkurgan” MCHJ, “Biloliddin Sofdil savdo” XK, Qibray tumanidagi “Aquafood” MCHJ va Yangiyo‘l tumanidagi “Fish House” MCHJlar tomonidan forel va osyotr baliqlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Surxondaryo viloyatidagi “Norhamid bobo” fermer xo‘jaligi tomonidan 17 ta, Samarqand viloyatidagi “Kattaqo‘rg‘on jayxuni” fermer xo‘jaligi tomonidan 1 ta yangi Sloveniya texnologiyasi asosida aylana shakldagi beton basseyn barpo etilib, baliq yetishtirish ishlari boshlab yuborilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq, 2024 yil 1 yanvardan boshlab “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida baliq yetishtirish loyihalarini amalga oshirish uchun aholi va tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratilishi belgilab berilgan. Hujjatga ko‘ra, joriy yilda baliq ovlash hajmini 900 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA