Milliy matbuot markazida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan “O‘zbekiston metrologiyasi: raqamlashtirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotida milliy sifat infratuzilmasini muvofiqlashtirish va yanada rivojlantirishda texnik jihatdan tartibga solish sohasida milliy metrologiyaning o‘rni bor. O‘lchovlar, sinovlar va sertifikatlarning xalqaro tan olinishi savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf qiladi va yurtimiz ishlab chiqaruvchilariga eksport, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro qiymat zanjirlarida ishtirok etishga yordam beradi.
Metrologiya sohasini rivojlantirishning uzoq muddatli ustuvor masalalari, maqsadlari va vazifalari tizimini o‘z ichiga olgan 2024-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi o‘lchashlar yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Prezidentning joriy yil 28 fevraldagi “O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida texnik jihatdan tartibga solish sohasida shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyadan xoli tizimni yaratish maqsadida 2025 yil 1 yanvarga qadar “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimini ishga tushirish belgilandi. 14 ta modulni o‘z ichiga olgan mazkur tizimda texnik jihatdan tartibga solish agentligining 6 ta axborot tizimi, ya’ni “E-standart”, “E-metrologiya”, “E-laboratoriya”, “E-sertifikat”, “E-akkreditatsiya”, “E-hajm” va 2 ta portal “Nududstandart”, “TBTINFO”ni o‘zaro integratsiya qilish orqali “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimiga birlashtiriladi.
[gallery-20237]
Prezidentimizning 2020 yil 28 apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida yaratilib, ishga tushirilgan ushbu tizim institutga qilinadigan murojaatlar bilan ishlashda qog‘ozbozlikni keskin kamaytirib, aholi va ishbilarmonlar doirasi vakillarining vaqtini tejashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston milliy metrologiya instituti Milliy etalonlar bazasini rivojlantirish, laboratoriyalarni modernizatsiya qilish hamda infratuzilma yaratish bo‘yicha bir qancha ishlarni amalga oshirdi.
Vaqt va chastota etaloni ishga tushirilishi hamda tebranish (vibratsiya) etaloni keltirilishi natijasida etalonlar bazasi 29 taga yetkazildi. Vaqt va chastota etaloni yordamida O‘zbekistonning milliy vaqt (UTC UZ) shkalasi hosil qilindi va mamlakatda aniq vaqt signallari NTP serverlar orqali uzatilmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini yanada takomillashtirish maqsadida jami 94 ta o‘lchash vositalari va yordamchi uskunalar xarid qilindi.
Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti hujjatlari asosida metrologik me’yor va qoidalarni qabul qilish reja-jadvaliga asosan jami 8 ta milliy standart qabul qilindi. Joriy yilda belgilangan 22 ta milliy standart loyihalari ishlab chiqilib, 8 tasi qabul qilindi, 14 tasi tasdiqlash uchun Standartlar institutiga kiritilgan. O‘lchashlar yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash borasida jami 8 ta milliy standartlar (ionlovchi nurlanish, putur yetkazmasdan tekshirish, geometriya, elektr va magnetizm, gaz sarfi va bosim yo‘nalishlari) ro‘yxatga olindi.
Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi bazasida ilk bor O‘zbekiston Respublikasining jami 5 ta kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari to‘g‘risidagi yozuvlari (SMS-qatorlar) ro‘yxatga olindi. Ilk bor O‘zbekiston Respublikasining tashabbusi bilan ionlovchi nurlanish yo‘nalishida “Uz” indikatorli yangi qo‘shimcha solishtirish loyihasi (SOOMET 909/Uz/24) e’lon qilindi.
Metrologiya sohasini an’anaviy etalon foydalanuvchisidan etalon ishlab chiqaruvchisiga transformatsiya qilish maqsadida 4 ta texnik yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 7 ta etalon va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini yaratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Innovatsion rivojlanish agentligiga taqdim etildi.
Xizmatlar eksporti geografiyasini kengaytirish borasida Tojikistonning “Tojikstandart” agentligi, Qirg‘izistonning “Ultimeyt” MCHJ, Turkmanistonning “Ruxыbelent diyar” korxonasi, Qirg‘izistonning “Bishkek sinov, сертификатлаштириш va metrologiya markazi”ga metrologik (kalibrlash/qiyoslash) xizmatlar ko‘rsatildi. Shuningdek, “Tojikstandart” agentligining 4 nafar mutaxassisi O‘zMMIda malaka oshirdi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, “Innovation Technical and Construction Services LP” tashkilotining 44 ta hamda “Tojikstandart” agentligining 10 ta o‘lchash vositalarini kalibrlash xizmatlari yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA