Jo‘raobod mahallasi yangi qiyofa kasb etmoqda
Bo‘ka tumanidagi olis Jo‘raobod mahallasi tom ma’noda bunyodkorlik maydoniga aylangan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Mahallada keng ko‘lamli dasturlarning amalga oshirilishi yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganidan, har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari ta’minlanayotganidan darak beradi.
Mazkur hudud tuman markazidan ancha olisda 30 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, avvallari mavjud infratuzilmasi ancha yomonlashib qolgan edi. Biroq Respublika ishchi guruhi mutasaddi vazirlik va idoralar, Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda tegishli tartibda o‘rganishlar qilinganidan so‘ng barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi. Jumladan, mahalla binosi yangidan qurildi va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Uning yonida bolalar uchun “Street workout” maydonchasi, futbol stadioni, mahalla guzari bunyod qilindi.


Mazkur mahallada ishsizlikni kamaytirish va daromadni oshirish maqsadida bir qator yo‘nalishlarda tegishli choralar ko‘rilmoqda. Birinchi navbatda aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ishga tushirildi. Bu jarayonda 10 ga yaqin fuqarolar ish bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, 20 nafarga yaqin ayollar tikuvchilikka o‘qitilib, joylardagi korxonalarga ishga joylashtirilmoqda.


– “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” mezonlari asosida har bir xonadan tomorqasida to‘qsonbosti ekinlari yetishtirish yo‘lga qo‘yildi, – deydi “Jo‘raobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mamasoli Jalilov. – O‘z tomorqasidan samarali foydalanmayotgan fuqarolar bilan tizimli ravishda ishlar tashkil qilinib, sarimsoq piyoz, ko‘katlar ekish ishlari amalga oshirildi. Respublika ishchi guruh vakillari, mas’ul xodimlar har bir xonadonga kirib, aholining mavjud muammolarini bartaraf qilish choralarini ko‘rdi.



Mahallada ishlayotgan hokim yordamchisi ham hudud imkoniyatlaridan kelib chiqib oilaviy tadbirkorlikni tashkil qilish, aholi daromadini oshirish borasida sa’y-harakatini boshlagan. Qisqa vaqt mobaynida mahallaning besh kilometrga yaqin ichki ko‘chalarga shag‘al yotqizish jarayonlari jadallashtirildi. Joylarda toza ichimlik suvi muammosi ham bartaraf etilmoqda. Buning uchun maxsus ichimlik suvi quvurlari yangidan tortildi. Ko‘chalardagi simyog‘ochlar almashtirildi va besh kilometr maxsus elektr simlari tortildi.
Yuqori sur’atlarda olib borilayotgan katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari tufayli mazkur mahalla qiyofasi tubdan o‘zgardi.
A.Musayev, O‘zA