Jo‘qorg‘i Kenges raisi yoshlar bilan uchrashdi
Prezident tashabbusi amalda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenges raisi Amanbay Orinbayev Nukus shahrida o‘z tashabbuslari va startap loyihalari bilan faollik ko‘rsatayotgan bir guruh yoshlar bilan uchrashdi.
Jo‘qorg‘i Kenges raisi dastlab davlatimiz rahbarining alohida e’tibori bilan yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida keng ma’lumot berdi. Shu bilan birga, bunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuksak natijalarga erishayotgan yoshlar soni ortib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, yaqinda Ko‘ksaroy qarorgohida Prezidentimizning yoshlar bilan muloqotida mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” bo‘lishi belgilandi. Shu kuni sohaga mas’ul rahbarlar mahalla, maktab va texnikumlarga borib, yoshlarni eshitadi va muammosini hal qiladi. Jumladan, barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga o‘rgatish, sportga jalb etish, g‘oya, loyiha hamda startaplariga ko‘mak berish, ularni ishli va daromadli qilish bo‘yicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmasligi zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, o‘z g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishi uchun davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar va alohida imtiyozlar haqida mutasaddilar tomonidan ma’lumot berildi. O‘z navbatida, yoshlar Prezidentimizning bunday yuksak ishonchi va yoshlarga ko‘rsatayotgan otalarcha g‘amxo‘rligi uchun o‘zlarining chuqur minnatdorligini bildirdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar tomonidan bir qator muhim tashabbuslar bildirildi. Ular tomonidan bildirilgan har bir taklif e’tiborga olinib, ushbu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriq berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.