Jonli ijro bilan muxlislar mehrini qozonib...
“Turkiston” sanʼat saroyida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
“Turkiston” sanʼat saroyida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatini rivojlantirishga oid bajarilgan ishlar va natijadorligi haqida maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida tashkil etilgan Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi milliy musiqa sanʼatimizni targʻib va tashviq etishda, hamyurtlarimizni bu sanʼat sehridan bahramand qilishda munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi tasarrufida 19 ijodiy jamoa faoliyat yuritmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda hududiy filarmoniya boʻlinmalari tashkil etilgan boʻlib, ularda 1080 nafar ijodiy xodim faoliyat yuritmoqda.
Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi tashkil etilgan davrdan boshlab, uning tarkibidagi ijodiy jamoalar madaniy-maʼrifiy tadbirlar, konsert-tomosha va gastrol faoliyati bilan shugʻullanib, mamlakat miqyosidagi madaniy tadbirlar, konsertlar va anjumanlarda munosib ishtirok etib kelmoqda.
Prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari asosida Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangan. Ushbu hujjatlar ijrosi boʻyicha respublika va hududiy boʻlinmalar kesimida oylik monitoring ishlari muntazam olib borilmoqda.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan dasturda belgilangan 27 banddan iborat vazifalarning ijrosi boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi va uning hududiy boʻlinmalari rahbar va ijodiy xodimlari ularga qoʻyilgan malaka toifalariga mosligi va ijodiy mahorati yuzasidan attestatsiya oʻtkazish boʻyicha Nizom loyihasi ishlab chiqilib, attestatsiya oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibi va savollar roʻyxati shakllantirildi. Hozirda ushbu loyihani Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlash va amalga oshirish choralari koʻrilmoqda.
Filarmoniya rahbarlari, ijodiy xodimlarining malaka toifalari, lavozim yoʻriqnomalari ishlab chiqildi. Filarmoniya tarkibida jamoalarning konsert dasturlari va ijodiy tomoshalari reja asosida namoyish etilmoqda hamda bu borada monitoring yuritilmoqda. Jumladan, 2019-yilda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi tarkibidagi jamoalar tomonidan 664 tadbir va konsert tomoshalari tashkil etilib, ularda 373 mingdan ziyod tomoshabin ishtirok etdi. Ayniqsa, musaffo osmon ostidagi konsert dasturlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Shuni taʼkidlash jozki, filarmoniya tarkibidagi badiiy ansambl, jamoalarning ijodiy kecha va konsertlari, musiqiy dasturlari jonli ijroga asoslangani, repertuarining rang-barangligi bilan ahamiyatlidir.
Yigʻilishda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi faoliyatiga oid rejalar belgilab olindi.