Suyultirilgan gaz iste’molchilariga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Hududgazta’minot” AJ tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ana shunday hamkorlik doirasida Buxoro viloyatining Jondor tumanida “XUMIN PROPAN GAZ SERVIS” MCHJga qarashli gaz to‘ldirish shoxobchasi ishga tushirildi.
“Hududgazta’minot” AJ Boshqaruv raisi Ma’rufxon Xodjayev mazkur shoxobchada bo‘lib, yo‘lga qo‘yilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-20715]
– Jondor tumani iste’molchilariga bir oyda 280 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish belgilangan, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Aziz Rasulov. – Hududga yoqilg‘i Romitan, Peshku va Kogon tumanlarida joylashgan gaz to‘ldirish shoxobchalaridan 60 kilometr yo‘l bosib olib kelinar edi. Mazkur hamkorlik natijasida endilikda suyultirilgan gazni yetkazish xarajatlari qisqarishiga va xizmat sifatining yaxshilanishiga zamin yaratildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.