“Jonajon Vatanimning munosib qo‘riqchisi bo‘laman”
Surxondaryo viloyatida mamlakatimizdagi oliy harbiy bilim yurtlari va O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish akademiyasida o‘qish istagida bo‘lgan yoshlar uchun uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Mudofaa vazirligining Termiz garnizonidagi harbiy qism, Termiz harbiy prokuraturasi va viloyatdagi boshqa kuch tuzilmalari hamkorligida tashkil etilgan ana shunday tadbirlardan birida Termiz shahridagi kasb-hunar maktabi hamda umumta’lim maktablarining 9-11 sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuvda 9-sinf o‘quvchilariga "Temurbeklar maktabi" va boshqa harbiy litseylarga, 11-sinf o‘quvchilariga oliy harbiy bilim yurtlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga hujjat topshirish tartib-taomillari tushuntirildi. Harbiy ta’lim muassasalari haqida ma’lumot beradigan bukletlar tarqatildi.
Termiz shahar kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Firdavs Nurmatov bolalikdan harbiy libos kiyib, Vatan himoyasida bo‘lishni orzu qiladi. Shu maqsadda u yaxshi baholarga o‘qib, izlanmoqda. Sport bilan shug‘ullanib, jismonan toblanayotir.
– Viloyatimizda o‘tkazilayotgan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari mening sohaga qiziqishimni yanada oshirdi, – deydi Firdavs. –Endilikda orzuim qat’iy qarorga aylandi. Shu maqsadda bugun uchrashuvga kelib, o‘zim tanlagan harbiy bilim yurti to‘g‘risida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldim. Yigit uchun sharafli kasbni tanlayotganimdan faxrlanaman.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Termiz, Kakaydi, Xayrobod garnizonlaridagi harbiy qismlarda viloyat tumanlari va Termiz shahridagi maktablarning bitiruvchi sinf o‘quvchilari, mahallalarning uyushmagan yoshlari uchun bepul tayyorlov kurslari tashkil etilgan. Kurslarda kelajakda o‘z hayotini harbiy soha bilan bog‘lash istagini bildirgan yoshlar saralab olinib, darsdan bo‘sh vaqtlarida kasbga yo‘naltirilmoqda. Ular harbiy qismda tinchligimiz qo‘riqchilari hayoti va zamonaviy harbiy texnikalar bilan yaqindan tanishib, ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.
Vatan himoyachi bo‘lishni ko‘ngliga tukkan termizlik Behruz Ro‘ziyev ham boshqa tengdoshlari singari ana shu kursda ta’lim oladi. U shu yil maktabni tugatgach, oliy harbiy bilim yurtiga hujjat topshirishga hozirlik ko‘rmoqda.
– Vatan himoyachisi chuqur bilimli, ziyrak, jismonan baquvvat, mard, jasur bo‘lishi kerak, – deydi Behruz. – Bugungi uchrashuvda harbiy akalarimiz va boshqa kuch tuzilmalari mutasaddilari ishtirokchilarga shu haqda ham ko‘plab ma’lumotlarni berdi. Shuning uchun bu uchrashuvni tayyorlov kursimizda o‘tiladigan darslarning uzviy davomiga qiyosladim. Unda mamlakatimizdagi barcha harbiy bilim yurtlari xususida yanada ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldik. Shu kunlarda maktabni a’lo baholarga bitirish uchun tinmay o‘qib, izlanyapman. Albatta, bolalikdan o‘zim qiziqqan sohani egallash uchun oliy harbiy bilim yurtiga hujjat topshirib, jonajon Vatanimning munosib qo‘riqchisi bo‘laman.
Tadbir doirasida Termiz harbiy prokuraturasi va Termiz shahar kasb-hunar maktabi o‘rtasida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Harbiy orkestr jamoasi va faxriy qorovul chiqishlari, qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri