Jome’ masjidi yangi binoda ish boshladi
Andijon vidloyati Baliqchi tumanidagi Eski markaz mahallasida joylashgan “Mirzaqosim hoji” jome’ masjidining kapital ta’mirlanib, kengaytirilgan yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tuman hokimi, sektor rahbarlari, diniy idora vakillari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida jome’ masjid ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar tomonidan keyingi yillarda mamlakatimizda masjidlar, ziyoratgoh va qabristonlarni ta’mirlash, obodonlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
– Yurtimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishi, musulmonlarning o‘z zimmasidagi diniy arkonlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Mirzamaqsud Alimov. – Shu bois ham bugungi kunda har bir yurtdoshimiz qalbida shukronalik tuyg‘usi jo‘sh urmoqda.
[gallery-5352]
Tuman hokimining qarori bilan bir yarim yil davomida masjidni zamonaviy tarzda ta’mirlash, hududini kengaytirish, namozxonlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida e’tiborga molik ishlar olib borildi. Natijada bir paytning o‘zida besh ming nafar namozxon namoz o‘qib, emin erkin ibodat qilishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA