Jomboylik qahramon komandir
Ahmadjon Qurbonovning birinchi marta chop etilayotgan jangovar mahorati tarixi
Gʻalabaning 75 yilligiga
Ahmadjon Qurbonovning birinchi marta chop etilayotgan jangovar mahorati tarixi
Ikkinchi jahon urushi millionlab insonlarning qalbida bitmas jarohat qoldirdi. Fashizmga qarshi kurashda salkam yarim millionga yaqin oʻzbek oʻgʻloni qahramonlarcha halok boʻldi va 640 nafari jarohatlandi. Yuz mingdan ortiq hamyurtimiz janggohlarda bedarak yoʻqoldi.
Samarqand viloyatidan urushga safarbar etilganlarning 77 mingdan koʻpi frontdan omon qaytmadi. Ular orasida Ikkinchi jahon urushi qahramoni, tajribali komandir Ahmadjon Qurbonov ham bor. Gvardiyachi mayor Qurbonov qahramonlik nishoni – “Oltin yulduz”dan tashqari “Lenin”, jangovar “Qizil Bayroq”, III darajali “Kutuzov”, “Suvorov”, “Qizil yulduz”, I darajali “Vatan urushi” ordenlari va koʻplab medallar bilan taqdirlangan. U 1-Belarus fronti, 65-armiya, 44-gvardiyachi oʻqchi diviziya, 128-gvardiyachi oʻqchi polki tarkibida Belarus va Polshaning koʻplab shaharlarini fashistlardan ozod qilishda, Stalingrad himoyasi uchun boʻlgan janglarda qatnashgan.
Orzusi – tarixchi boʻlish edi
1921-yil 10-oktyabrda Jomboy tumanidagi “Sherqoʻrgʻon” qishloq fuqarolar yigʻiniga qarashli Tepa qishlogʻida tugʻilgan qahramon kelajakda tarixchi boʻlishni orzu qilgandi. Maktabda aʼlo baholarga oʻqigan Ahmadjon Qurbonov pedagogika texnikumida tahsil oladi. Bir muddat tuman komsomol komitetining birinchi kotibi lavozimida faoliyat olib bordi. Keyinchalik u rahbarlarning topshirigʻiga asosan Tojikistonning Koʻlob maktablaridan biriga oʻqituvchilikka joʻnatiladi. 1938-yil Yaroslavl shina zavodiga ishga kiradi va Mariya Smirnova ismli rus ayoliga uylanadi.
Jangu jadallar...
1940-yil Yaroslavl shahri Kirov tumani harbiy komissariatidan armiyaga safarbar etilib, Tambov piyoda qoʻshinlari bilim yurtiga oʻqishga joʻnatiladi. 1941-yil kuzda bilim yurtini aʼlo baholar bilan tugatgan iqtidorli va harakatchan Ahmadjon Qurbonov qoʻmondonlikning tavsiyasiga koʻra “Vыstrel” yuqori lavozimli ofitserlar tayyorlash kursiga yuboriladi. 1943-yil boshida katta leytenant unvonini olgan oʻzbek yigiti 128-gvardiyachi oʻqchi polkning alohida changʻi batalyonidagi 2-maxsus changʻi rotasiga komandir etib tayinlanadi. Fevral oyining qahraton qishida alohida changʻi batalyoni tezkor harakatlanish evaziga dushmanga qaqshatqich zarba berish operatsiyalarida ishtirok etdi.
Ana shu janglarda u ikki marta yaralandi. Tajribali komandir 1944-yilni dushman bilan boʻlgan janglardagi yangi-yangi qahramonliklar bilan kutib oldi. 1943-yil 24-28-dekabr kunlari Jerd qishlogʻi (Gomel viloyati, Svetlogorsk rayoni) himoyasi uchun boʻlgan jangda fashistlar tomonidan uyushtirilgan yettita hujumni oʻz rotasi bilan muvaffaqiyatli bartaraf qildi. Jang davomida ikkita pulemyot, ikki nafar dushman asirga olindi va bosqinchilarning 120 ga yaqin askar va ofitseri yakson etildi. Ushbu jasorati uchun Ahmadjon Qurbonov diviziya komandiri Nikita Korishko tomonidan mukofotga tavsiya qilindi va III darajali “Suvorov” ordeni bilan taqdirlandi.
1944-yil yozida kapitan unvonini olib ulgurgan iqtidorli ofitser batalyon komandiri etib tayinlandi. Bobruysk yoʻnalishida fashistlar himoyasini yorib oʻtish janglarida Ahmadjon Qurbonov koʻrsatgan jasorat va qahramonlikni qoʻmondonlik oʻzbek komandirining harbiy sanʼati hamda iqtidori deya baholadi. Batalyon uch kun davom etgan shiddatli janglarda 45 kilometr oldinga harakatlanib, Narev daryosi boʻyiga chiqdi. Fashistlar daryoning narigi qirgʻogʻida mustahkam oʻrnashib olganligi uchun kapitan Qurbonov oʻziga xos taktik ayyorlik qoʻllashga qaror qildi. U batalyonning kam sonli jangchilariga dushmanni chalgʻitib, daryoni ularning shundoqqina qarshisidan kechib oʻtishga topshiriq berdi. Oʻzi esa asosiy kuchlar bilan eʼtibor tortmaydigan tomondan bosqinchilar himoya qilayotgan Kornevek qishlogʻi hududiga hujum tashkillashtirdi.
Kapitanning rejasi muvaffaqiyatli amalga oshdi. Kam sonli qurbonlar evaziga dushmanning Narev daryosi boʻyidagi muhim pozitsiyasi ishgʻol qilindi. Buning natijasida 128-gvardiyachi oʻqchi polkiga Polshaning Serosk shahri yoʻnalishida harakatlanish imkoniyati yaratildi. Ahmadjon Qurbonov koʻrsatgan jasorat va qahramonlik qoʻmondonlik tomonidan munosib taqdirlandi. Unga oʻsha davrning eng oliy mukofotlaridan biri – jangovar “Qizil Bayroq” berildi. Shuningdek, Narev daryosini kechib oʻtishdagi taktik mahorati tufayli oʻzbek komandiri “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoniga tavsiya etildi.
128-gvardiyachi oʻqchi polk va Qurbonov batalyoni 1945-yil yanvar oyida muvaffaqiyatli yurishni davom ettirgan holda strategik ahamiyatga ega boʻlgan 91,3-raqamli tepalikni ishgʻol qildi. Fashistlar qoʻldan boy berilgan hududni qaytarib olish uchun bir necha marta tanklar va bronetransportyorlar koʻmagida hujumga tashlandi. Ammo fashist bosqinchilarining barcha urinishlari mayor Ahmadjon Qurbonovning jangni mahorat bilan boshqarishi evaziga bartaraf qilindi. Ana shu hujumlarning birida dushmanning 6 ta tanki, 4 ta bronetransportyori, 12 ta pulemyot nuqtasi, 185 nafar askar va ofitseri yakson etildi. Bundan tashqari, gitlerchilarning bitta tanki hamda 13 nafar jangchisi asirga olindi. Qoʻmondonlik oʻzbek oʻgʻlonining ushbu jangdagi mahoratini munosib baholab, gvardiyachi mayorni III darajali “Suvorov” hamda I darajali “Vatan urushi” ordenlari bilan taqdirladi.
25-bahorini koʻrmadi
Afsuski, endigina 24 yoshni qarshilagan Ahmadjon Qurbonov Polshani ozod etish uchun olib borilgan janglarda halok boʻldi. U Kuyavsk-Pomorsk voyevodaligi, Shinix (Shыnыx) qishlogʻida sovet jangchilarining birodarlik qabristoniga dafn etilgan. Janglarda koʻrsatgan jasorati va qahramonligi uchun SSSR Oliy Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi qarori bilan gvardiyachi mayor Ahmadjon Qurbonovga “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni berildi.
Uning hayot yoʻli
Ahmadjon Qurbonovning tarixini oʻrganish jarayonida shunga amin boʻlish mumkinki, jasur oʻzbek qahramoni kelajagi porloq komandirlardan boʻlgan. Buni uning “Vыstrel” yuqori lavozimli ofitserlar tayyorlash kursiga yuborilishi, frontga gvardiyachi polk tarkibiga joʻnatilishi va unga berilgan ordenlarning ahamiyatidan bilib olsa boʻladi. “Suvorov”, “Kutuzov” hamda “Qizil Bayroq” ordenlari bilan qanday holatlarda taqdirlanishi mumkinligiga eʼtibor qaratsak. “Qizil Bayroq” ordeni – sobiq Ittifoqning birinchi ordeni. Bu orden bilan juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan jasurlik, qahramonlik va fidokorlik namunalarini namoyon etgan shaxslar mukofotlangan. “Suvorov” va “Kutuzov” ordenlari esa qoʻshinni boshqarish borasida ulkan muvaffaqiyatga erishgan komandirlar taqdirlangan. Bundan tashqari, u vaziyatni taktik boshqara olish qobiliyati bilan bir necha muhim janglarda oʻz iqtidori va mahoratini namoyish qilgan.
Biz qahramonning hayot yoʻli haqida kengroq maʼlumot toʻplash maqsadida Jomboy tumanida boʻldik. U yerda bizga oʻzini Ahmadjon Qurbonovning jiyani deya tanishtirgan Zokir Mirzaqobilov hamda Yaxshilik bobo bilan suhbatlashdik. Ularning aytishlaricha, qahramonning Mariya Smirnova bilan turmushidan 1940-yilda tugʻilgan Tamara Qurbonova ismli qizi va ikki nevarasi bor ekan. Hozirda Tamara Axmedjanovna Sankt-Peterburgda yashamoqda. U ota yurtiga mehmonga kelib, 2-maktabda oʻrnatilgan qahramonning byusti ochilish marosimida qatnashgan.
Jomboy shahridagi koʻchalardan biri hamda mahalla fuqarolar yigʻiniga Ahmadjon Qurbonov nomi berilgan. Tepa qishloqdagi sovxoz, keyinchalik kolxoz uning nomi bilan atalgan. Shuning uchun bugungi kunda koʻpchilik u yashagan qishloqni Ahmadjon deb atashga oʻrganib qolishgan.
Ahmadjon Qurbonovning otasi Qurbonboy Burxonov “Mehnatobod” xoʻjaligida ishlagan. 1979-yil vafot etgan onasi Qunduz aya esa umrining soʻnggi yillarini qahramon oʻgʻlining uy-muzeyida yashab oʻtkazdi. Ularning uch farzandi – Ahmadjon, Norgul, Boboqul boʻlgan. Boboqul Qurbonov 1956-yilda vafot etgan.
P/S. Ahmadjon Qurbonovning front yoʻlida bosib oʻtgan jangovar yoʻli, harbiy mahorati tarixi birinchi marta chop etilmoqda. Chunki Rossiya Mudofaa vazirligi arxivida saqlanib kelgan Ikkinchi jahon urushi maʼlumotlari yaqin kunlargacha mutlaqo maxfiy grif bilan oshkor etilmagan. 24 yoshida qoʻmondonlik qobiliyatini namoyish eta olgan oʻzbek yigitining tarixini yoritishda mukofotga tavsiya qilingan buyruqlar, diviziyaning jangovar yoʻl xaritasi va jang tafsilotlari haqidagi hujjatlardan foydalanildi.
Asror ROʻZIQULOV,
“Vatanparvar” muxbiri.