Jomadon tayyor, yo‘l uzoq: 15 000 odam vataniga qaytmoqda
Janubiy Afrikaning Durban shahri atrofidagi muvaqqat qo‘nalg‘alarda minglab odam vataniga qaytish uchun navbatda turibdi. Jomadon ko‘targan erkak, ayol va bolalar navbatdagi avtobus kelishini kutar ekan, hududdagi manzara tobora insonparvarlik inqirozini eslatmoqda.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozirga qadar repatriatsiya jarayoniga jalb etilgan 15 000 dan ko‘p Malavi fuqarosi aksariyatining hujjati muddati o‘tgan yoki mamlakatda qolish uchun zarur ruxsatnoma mavjud emas.
Ko‘ngillilar uzundan-uzun navbat oralab suv, oziq-ovqat tarqatayotgan bo‘lsa-da, aholi zichligi yuqoriligi sabab sharoit yanada og‘irlashayotgani kuzatilmoqda. Ayrim hududlarda sanitariya xizmati yetishmasligi, chiqindi to‘planishi ham muammoni kuchaytirgan.

Vaziyat so‘nggi haftalarda muhojirlarga qarshi kayfiyat kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi. Xorijliklarga qarata ehtimoliy hujum haqidagi xabarlar ortidan xavfsizlik chorasi kuchaytirilgan. Mintaqadagi bir necha davlat o‘z fuqarolarini ixtiyoriy ravishda qaytara boshlagan. Rasmiylar jarayon tartibli va xavfsiz tashkil etilishiga ishonch bildirmoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, bu holat Afrika janubida mehnat migratsiyasi, ishsizlik va chegara nazorati bilan bog‘liq muammo yanada dolzarblashayotganini ko‘rsatmoqda. Minglab inson uchun hozir asosiy muammo ortga qaytish emas, balki o‘z yurtida hayotini qanday qilib izga tushirib olish masalasi bilan bog‘liq.
Musulmon Ziyo, O‘zA