Futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati oliy ligasi o‘yinlari yakuniga yetdi.
Joriy mavsumning so‘nggi 27-tur o‘yinida Jizzaxning “So‘g‘diyona-Women” ayollar jamoasi o‘z maydonida Buxoro shahrining “Buxoro-Women” xotin-qizlar klubini qabul qildi.
Jizzaxliklarning bir qator iqtidorli futbolchilari jamoani tark etgan bo‘lsada, o‘yindagi ustunlik maydon egalari tomonida bo‘ldi. Mezbonlar birinchi bo‘lim tugashiga 1 daqiqa qolganida raqibalari darvozasini ishg‘ol etdi. O‘yinning 44-daqiqasida “So‘g‘diyona-W”ning iqtidorli yosh futbolchisi Gulchehra Eshmamatova mehmonlar darvozasiga gol kiritib, hisobni ochdi – 1:0. Jamoalar ana shu hisob bilan tanaffusga chiqib ketidi.

Ikkinchi bo‘limda jizzaxlik murabbiylar zaxiradan bir qator futbolchilarni maydonga tushirgach, ularning o‘yinida yana jonlanish sezildi. Bu esa o‘yinning 72-daqiqasiga kelib o‘z so‘zini aytdi. Ruxshona O‘sarova mehmonlarning bir necha futbolchilarini dog‘da qoldirib, “Buxoro-W” klubi darvozasiga ikkinchi golni kiritdi – 2:0.
Goldan ruhlangan maydon egalari yana hujumga zo‘r berdi va bahsning 79-daqiqasida maydon egalarining yana bir yosh futbolchisi Nafisa Nabiqulova uchinchi golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi – 3:0.

Bu goldan so‘ng jizzaxlik qizlar o‘yinida xotirjamlik sezildi va buning natijasida o‘yinning 86-daqiqasida buxorolik Albina Boboqulova maydon egalarining uchta goliga bitta gol bilan javob qaytardi, “So‘g‘diyona-W” – “Buxoro-W” yakuniy hisob – 3:1.
So‘nggi turning qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayt etildi: “Sevinch-W” (Qarshi) – OKMK-W (Olmaliq) – 5:2, “Paxtakor-W” (Toshkent) – “Qizilqum-W” (Navoiy) – 1:8, “Lokomotiv-W” (Toshkent) – “Navbahor-W” (Namangan) – 6:0, “Neftchi-W” (Farg‘ona) – “Bunyodkor-W” (Toshkent) – 0:6.

Shunday qilib, yakuniga yetgan ayollar o‘rtasidagi mamlakat birinchiligida bu mavsumda ham Qashqadaryo viloyatining “Sevinch-W” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi va oltin medal sohibiga aylandi. Olmaliqning OKMK-W jamoasi esa klub tarixida birinchi marta ikkinchi pog‘onani zabt etib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.Uchinchi o‘rin va bronza medali Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” jamoasi qizlariga nasib etdi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri