Jizzaxlik ijodkor yoshlar bilan uchrashuv
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid rahbarligida bir guruj ijodkorlarning jizzaxlik yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida poytaxtdan tashrif buyurgan shoir va yozuvchilar hamda jizzaxlik yosh ijodkorlar, tadbirda ishtirok etgan jamoatchilik vakillari xalqimizning sevimli shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim haykali poyiga gul qo‘yib, ziyorat qilishdi.
Jizzax davlat pedagogika institutining madaniyat saroyida davom etgan uchrashuvda Prezidentimizning O‘zbekiston yoshlari birinchi forumida so‘zlagan nutqidan kelib chiqadigan vazifalarga e’tibor qaratildi. Unda so‘z olgan ustoz ijodkorlar yosh avlodning har tomonlama yetuk va barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun davlatmiz tomonidan katta imkoniyatlar yaratib berilayotgani, ularning badiiy ijod bilan shug‘ullanishlari uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni alohida ta’kidlab o‘tdilar.
— Davlatimiz rahbarining ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga berayotgan katta e’tibori O‘zbekiston yoshlari foruimida yana bir namoyon bo‘ldi, — dedi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid — Prezidentimizning g‘amxo‘rligiga, da’vatiga, ishonchimga ijodkor yoshlarimiz munosib ekanligini bugun Jizzaxdagi uchrashuvda yana bir bor ko‘rdik. Bugun badiiy ijodning barcha janrlarida o‘z kuchini sinab ko‘rayotgan iqtidorli, intiluvchan, izlanuvchan yoshlarimiz orasidan davrimizning Hamid Olimjonlari, Zulfiyalari yetishib chiqishiga ishonamiz.
[gallery-689]
Uchrashuvda bir gurux jizzaxlik ijodkorlarga O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zolik guvohnomalari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, yoshlar tarbiyasi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan ustozlar, iqtidorli yoshlar faxriy yorliq va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
— Men mamlakatimiz yoshlarining birinchi forumida davlatimiz rahbari bilan bilgan uchrashuvda ishtirok etib, adabiyotga bo‘lgan mehrim yana ortdi, — dedi Jizzax davlat pedagogika institutining talabasi, "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti sohibi, yosh shoir Sayfiddin Okanov. — Ayniqsa uchrashuvda bildirgan taklifimni qo‘llab-quvvatlab, "Barakalla o‘g‘lim!", degan e’tiroflaridan ruhim, badiiy ijodga ishtiyoqim juda o‘sdi. Men Yurtboshimning ishonchini albatta oqlayman.
Adabiy-baddiy tadbir mushoira bilan davom etdi.
T. BEKNAZAROV,
J. YORBEKOV (surat), O‘zA