Jizzaxdan AQSH bozoriga raqamli ko‘prik
Yangi O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasiga xalqaro investitsiyalar va zamonaviy xizmatlarni jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayon nafaqat iqtisodiyotning yangi drayverlarini shakllantirmoqda, balki yoshlar uchun yuqori daromadli, intellektual mehnatga asoslangan ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlar eksportini kengaytirish va mamlakatimizning xalqaro IT bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Jizzax viloyatida ham bu borada amaliy ishlar izchil davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida Jizzax shahrida IT Park rezidenti bo‘lgan “DMGB Log Service” kompaniyasining tantanali ochilishi ana shu ezgu maqsadlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Mazkur loyiha hududda raqamli xizmatlar eksportini kengaytirish, zamonaviy BPO xizmatlarini rivojlantirish hamda yoshlarni xalqaro mehnat bozori talablariga mos kasblarga jalb etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.

Tantanali marosimda Jizzax viloyati hokimining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ozod Bobomurodov, IT Park O‘zbekiston direktori o‘rinbosari Jahongir Kagirov, Raqamli texnologiyalar vazirligi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi rahbari Mahmud G‘iyosov, “DMGB Log Service” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Grigoriy Mirzoyev, soha vakillari hamda yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda qayd etilganidek, korxona BPO (Business Process Outsourcing) yo‘nalishida faoliyat yuritadi. Kompaniya AQSH hududida shtatlararo yuk tashish jarayonlarini muvofiqlashtirish va boshqarish bo‘yicha dispetcherlik xizmatlarini ko‘rsatadi. Bu esa Jizzaxda xizmatlar eksportini kengaytirish, eksportbop IT xizmatlari hajmini oshirish va xalqaro buyurtmalarni mahalliy mutaxassislar ishtirokida bajarish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Rasmiy ochilish marosimidan so‘ng ramziy alvon bog‘ich qirqilib, ishtirokchilar kompaniya ofisi bilan tanishishdi. Ularga ish jarayonlari, zamonaviy texnik infratuzilma, xizmatlarni tashkil etish tizimi va xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Bosh direktor Grigoriy Mirzoyev o‘z chiqishida “DMGB Log Service”ning asosiy maqsadi Jizzaxda xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritadigan zamonaviy BPO markazini shakllantirish ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bugun kompaniyada 26 nafar mutaxassis mehnat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ish o‘rinlari sonini 50 taga yetkazish, keyingi bosqichda esa 100 nafargacha kengaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, istiqbolda kompaniya filiallarini Jizzax viloyatining boshqa hududlarida ham tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bu tashabbuslar yuzlab yoshlarni zamonaviy kasblarga jalb etish, ularning doimiy bandligini ta’minlash va hududning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Grigoriy Mirzoyevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, IT sohasini davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda IT Park ekotizimi xalqaro kompaniyalar uchun qulay muhit yaratmoqda. Shu bois kompaniya o‘z faoliyatini kengaytirish va yangi loyihalarni aynan Jizzax viloyatida amalga oshirishni strategik yo‘nalishlardan biri sifatida belgilagan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi iqtisodiy samara bilan birga, xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir. Zero, AQSH bozori uchun yuqori qo‘shilgan qiymatga ega xizmatlarni O‘zbekistonda turib ko‘rsatish mamlakatimiz IT salohiyatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, eksport geografiyasini kengaytiradi va O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bunday tashabbuslar raqamli iqtisodiyot rivojini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni yuqori malakali kasblarga yo‘naltirish, ularning daromad manbaini oshirish va mamlakatimizda inson kapitali salohiyatini yanada yuksaltirishga mustahkam zamin yaratmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri