Jizzaxda yoshlar bandligi masalalari muhokama qilindi
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda agentlik direktori o‘rinbosari Abdulaziz Mo‘minov ishtirok etib, yoshlarning murojaat va takliflarini tingladi.
Tuman markazida bevosita hamda mahallalardan onlayn tarzda ishtirok etgan jami 1200 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz qamrab olingan muloqotda ishga joylashish, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan 21 ta murojaat va taklif bildirildi. Ularning 5 tasi joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 16 ta masala yuzasidan mas’ullarga aniq muddatlar belgilangan holda topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Tadbirda tumanda faoliyat yuritayotgan ilg‘or tadbirkorlar ham ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Yoshlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, ishlash istagidagi yigit-qizlarni ish bilan ta’minlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Muloqotda yoshlarning istiqbolli tashabbuslari ham qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, Davron Abdullayev zamonaviy o‘quv markazini tashkil etish loyihasi uchun 250 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olishga erishganini bildirdi.
— Maqsadim yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashi va sifatli bilim olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, - deydi Davron Abdullayev. — Ajratilgan mablag‘ hisobidan o‘quv markazini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlab, ta’lim sifatini oshirishni rejalashtirganmiz.
[gallery-32055]
Ochiq muloqot yoshlarning muammolariga amaliy yechim topish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qildi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA