Koreyaning COEX konferensiya va ko‘rgazma markazida “SITF” xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy stendi ham namoyish etildi.
Mazkur yarmarkada Jizzax viloyati delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Sardor Shukurullayev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Koreya Respublikasining Andon provinsiyasining tarixiy va madaniy meros ob’ektlari bilan yaqindan tanishdi. Bu yerdagi mashhur Hahoye turizm qishlog‘i delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.

Safar davomida har ikki tomon kelgusida turizm va madaniyat sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi. Ushbu hamkorlik ikki tomon uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Tashrif davomida Jizzax viloyatining turizm salohiyati keng targ‘ib qilindi.

Koreyaning COEX konferensiya va ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tgan “SITF” xalqaro turizm yarmarkasida Jizzax viloyatining sayyohlik imkoniyatlari, tarixiy joylari, dam olish maskanlari, gastronomiyasi, hunarmandchilik an’analari, zamonaviy turistik infratuzilmasi to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi.


Bundan tashqari, Ozarbayjon, Mo‘g‘uliston, Shri-Lanka, Malayziya davlatlarining turizm sohasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda Jizzax viloyatining turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
A.Qayumov, O‘zA