Noyabr oyining ikkinchi payshanbasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida “Butun jahon sifat kuni” sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana birinchi marotaba 1989 yil 9 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida Yevropa sifat tashkiloti (YeST) tashabbusi bilan nishonlangan.
Prezidentimizning 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan qator vazirlik va idoralar, O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda “Oziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” tadbirini 2021 yildan boshlab har yili noyabr oyida o‘tkazish belgilangan.
Jizzax viloyatida “Sifat haftaligi” tadbirlari Zomin tumani markazi Zomin shaharchasida joylashgan “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘iga kiruvchi savdo markazidan boshlandi. Sifatni nazorat qilish departamentining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mutaxassisi Zilola Isakova jurnalistlarga ishlab chiqarishda sifat infratuzilmasi, “Daladan dasturxongacha” tamoyili – mahsulotlarni ishlab chiqarish maydonidan sotishgacha bo‘lgan jarayonlar va boshqa masalalar bo‘yicha keng tushunchalar berdi.
Shuningdek, yurtimizning sifat sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadi, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi uchun ichki va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarimiz va xizmatlarning raqobatdoshligini ta’minlash, ijtimoiy masalalarni hal qilishdan iborat ekanligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.
– Butun jahon sifat kunining asosiy maqsadi yuqori sifatli mahsulotlar va xizmatlarning ahamiyatini oshirish, sifatga erishishdagi muammolarga e’tiborni qaratishdan iboratdir, – deydi Zilola Isakova. – Sifat bu nafaqat odamlar va atrof-muhit uchun, balki mahsulotlarning xavfsizligi, iste’molchining talabini belgilaydigan muhim mezon hisoblanadi.
“Korzinka.uz” supermarketlar markazida ichki tizimda mahalliy tadbirkorlarning yoki import mahsulotlari, har bir mahsulot joriy etilgan 5 ta xalqaro standart asosida qabul qilinadi. Mahsulot qabul qilinishida uning sifati, mazasi, tashqi ko‘rinishi, bir xillik hajmi va, albatta, iste’molga yaroqliligi hisobga olinadi. Mahsulotlar turi, katta-kichikligi, qaysi mamlakatga tegishliligiga qarab maxsus omborlarda nazoratda saqlanadi. So‘ngra har bir viloyatdagi savdo markazlariga maxsus transport vositalarida yetkazib beriladi.
Hududlardagi savdo markazlarida ham mutaxassislar Toshkentdan maxsus transport vositasida olib kelingan mahsulotlarni yuqorida aytilgan 5 ta xalqaro standart bo‘yicha qabul qilib oladi. Yo‘lda mahsulotga biror shikast yetgan yoki buzilgan bo‘lsa, zudlik bilan markazga xabar qilinib, mahsulot qaytarib yuboriladi. Mahsulotlar Toshkentdagi “Korzinka.uz” supermarketidagi narxlardan farq qilmagan tarzda sotilishi belgilab qo‘yilgan.
[gallery-14465]
– Men oddiy uy bekasiman, lekin bozordan deyarli mahsulot xarid qilmayman, chunki u yerda mahsulotni saralab olish imkoniyati yo‘q va qolaversa, sotib oladigan mahsulotingiz 100 foiz buzilmaganligiga ishonch kam, – deydi Zomin tumanida istiqomat qiluvchi xaridorlar Gulnoza Shoyimova. – “Korzinka.uz” supermarketida esa mahsulotni o‘zingiz tanlab olishingiz mumkin. Bu yerdagi mahsulotlar xuddi hozirgina uzilgandek, daladan olib kelingandek yangi va tanlov imkoniyati yuqori.
– Ushbu “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘iga kiruvchi savdo markazimiz 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda, – deydi “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘iga kiruvchi savdo markazi Zomin filiali rahbari Muzaffar Xudoyqulov. – Ayni paytda savdo markazida 55 nafar yoshlar mehnat qiladi. Bir kunda mavsumga qarab 1 ming 500 dan 2 ming nafargacha mijozlarga xizmat ko‘rsatamiz.
– Savdo markazi tashkil etilganiga 2 yildan oshdi, – deydi “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘iga kiruvchi savdo markazi Jizzax shahridagi filiali rahbari Olimjon Jabborov. – Bir kunda 2 ming 500 dan 3 ming nafar xaridorga xizmat ko‘rsatamiz. Shu paytgacha sotilgan mahsulotlarimizning sifati yomonligi, buzilganligi haqida biror marta shikoyat tushmadi. Bozordagidan farqli ravishda “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i markazining tashabbusi bilan hayit va milliy bayramlar hamda mamlakatimizda keng nishonlanadigan muhim sanalar oldidan muntazam ravishda aksiyalar o‘tkazilib, narx-navolar arzonlashtiriladi. Ham sifatli, ham arzon mahsulotni yetkazib berganimiz uchun ham iste’molchilar ko‘proq “Korzinka.uz”ni tanlashadi.
– Bugungi O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Jizzax viloyati hududiy bo‘linmalari hamda “Korzinka.uz” savdo tarmoqlari markazi bilan hamkorlikda uyushtirilgan “Sifat haftaligi” ko‘pchilik yaxshi taassurot oldi, degan umiddaman, – deydi Agentlikning Axborot xizmati rahbari Abdurauf Rasulov. – Asosiy maqsadimiz – bu tadbir orqali “Korzinka.uz” savdo tarmoqlari markaziga qarashli savdo do‘konlarini namoyish qilish emas, balki “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida mahsulotlarni tashish, saqlash va, eng muhimi, ularni sifatli tarzda iste’molchilar dasturxoniga yetkazib berish zanjirini ko‘rsatishdan iborat.
Jizzaxda o‘tayotgan “Sifat haftaligi” tadbiri davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov(surat), O‘zA muxbirlari