Jizzaxda Senat a’zolari bilan uchrashuvlar davom etmoqda
Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida senatorlarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan masalalarning mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamlariga yetkazish, shuningdek, Senat qarorlari ijrosi va aholidan tushgan murojaatlarni joyida o‘rganish maqsadida uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasi bosh shifokori Xolida Alimova, kasaba uyushmalari viloyat kengashi raisi Nusratillo Pardayev, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, doimiy asosda ishlovchi senatori Risqul Siddiqov, Jizzax shahridagi “Umid” maktab-internati direktori Sanobar Suyarova ishtirokida xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan murojaatlar joyida o‘rganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Jumladan, Zomin, Arnasoy tumanlari va Jizzax shahrida Senat a’zolari bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda mahalliy Kengashlar deputatlari, viloyat, shahar tuman hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar, Oila va xotin-qizlar, Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarma, bo‘limlari rahbar va xodimlari, shahar va tumanlardagi qishloq, mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari, QFY, MFY raislari, oqsoqollari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari, imom-xatiblar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlarni ko‘rib chiqqan edik, – deydi Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, doimiy asosda ishlovchi senatori Risqul Siddiqov. – Joylarda o‘tayotgan uchrashuvlar chog‘ida Yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi ekani, O‘zbekiston Respublikasining “Garov to‘g‘risida”gi Qonuniga va Fuqarolik kodeksiga mulkiy huquqlarni mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartishlar kiritilayotganligi va mulk huquqi bilan bog‘liq munosabatlar maxsus qonun, ya’ni “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinayotgani va boshqa masalalar yuzasidan ma’lumotlar berilmoqda.

Uchrashuvlardan so‘ng Senat a’zolari Zomin tumanidagi Hamid Olimjon nomli, Arnasoy tumanidagi “G‘oliblar” hamda Jizzax shahridagi “Qaliya” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lib, pensiya ta’minoti, kadastr hujjatlari, yer ajratish masalasi, bank kredit mablag‘lari ajratishdagi noxolislik, tibbiy yordam ko‘rsatish va boshqa ijtimoiy murojaatlarni diqqat bilan tingladi, ko‘tarilgan masalalar joyida o‘rganilib, ushbu muammolar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga aniq ko‘rsatmalar berilib, ijrosini nazorat qilish mahalliy Kengash deputatlari zimmasiga yuklatildi.
Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari bilan uchrashuvlar davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA