Jizzaxda qatag‘on qurbonlari yod etildi
O‘zbekistonda 2001 yildan buyon 31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlab kelinmoqda. Jizzax viloyatining qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashab o‘tgan qatag‘on yillari qurbonlari istiqomat qilgan xonadonlarda bo‘lib, ularning avlodlari holidan xabar olindi, xotirlanib yodga olindi.
1 sentyabr kuni butun O‘zbekiston xalqi mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi kunini keng nishonlaydi. 31 avgust kuni esa butun diyorimizda 1918-1934 yillarda mustabid tuzimga qarshi milliy ozodlik kurashida ishtirok etib ana shu ozodlik yo‘lidagi kurashda qurbon bo‘lgan va sobiq ittifoq davrida “bosmachilarga qarshi kurash” deb, aslida milliy-ozodlik urushi tugagandan keyin ham bir necha yillar davomida qatag‘on qilingan ota-bobolarimizni yod etish kuni sifatida xotirlanadi.


Yangi O‘zbekiston bugun siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan yuksalish bosqichi sari dadil odimlamoqda. Rivojlangan davlatlar qatorida bo‘lish, yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lida odilona, xalqchil siyosat olib borilayotgani sabab ham rivojlangan davlatlar O‘zbekiston bilan tengma teng davlat sifatida munosabatda bo‘layotir.
Bugun, aynan o‘sha qatag‘on yillari qurboniga aylangan, o‘zbek romanchiligiga asos solgan, buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asaridagi “Moziyga qarab ish ko‘rmoq xayrlidir” degan gaplariga rioya qilib, o‘sha qatag‘on yillaridagi murakkab va tahlikali davrlarni yodga olar ekanmiz, yaqin tariximizda sodir bo‘lgan, Turkiston o‘lkasini vacsallik uyqusidan uyg‘otib yubora olgan milliy-ozodlik harakatlari to‘lqini ishtirokchilari bo‘lgan milliy ozodlik kurashchilarini “Davlat dushmani”, “Xalq dushmani” deyilib, qatil etilgani, qatag‘on qilingani tariximizni achchiq haqiqatidir.

O‘sha mustabid tuzum ichida turib, milliy ozodlik bayrog‘ini dadil tuta olgan, erksizlikka murosasiz bo‘lgan, tuzumga qarshi qurol ko‘tarib chiqqan, milliy ozodlik kurashi boshchilarining asl maqsadi 70 yildan ortiqroq davr mobaynida xalqimizdan yashirib kelindi. Ularning yurt ozodligi yo‘lida olib borgan milliy kurashi, istiqlolchilik harakatlariga “bosmachilik harakati” deya nom berilib, xalqimizning dovyurak qahramon o‘g‘lonlariga “bosmachi”, “xalq dushmani” tamg‘alari bosib kelindi.
Tarixning achchiq haqiqati sifatida millatning yetakchilari mag‘lub bo‘lgani, ilmli, millati, xalqi ozodligi uchun jonini fido qiladigan asil farzandlari qatil etilgani, qatag‘onga uchragani, surgun qilingani, ko‘plarining jasadlari sovuq o‘lkalarda qolib ketgani, keyinchalik ozodlik uchun kurashgan “ayblari” avf etilgani, ya’ni kechirilganlari ham oilasi bag‘riga qaytgach, ko‘p o‘tmay sovuq o‘lkalarda yuqtirib olgan turli kasalliklardan vafot etib ketganlari, bugun barchamizga ayon.
Joriy yilning 24 avgust kuni ochiq sud majlislarida qatag‘on qurbonlarining avlodlari tomonidan yo‘llangan ariza, iltimosnoma va protestlari ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi. O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 5 jinoyat ishi bo‘yicha 240 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.
O‘tmishini bilmaganning kelajagi bo‘lmaydi, degan xalqimizning dono gapi bor. Zero, bugun butun O‘zbekiston xalqi katta tantana qilayotgan Eng ulug‘, Eng aziz bayram Mustaqillik kuni arafasida, ya’ni 31 avgust kuni o‘sha qatag‘on yillari qurbonlarini xotirlayapmiz, yod etyapmiz, ularning ruhlarini shod etyapmiz.

31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax shahar bo‘linmasi tomonidan shahardagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilib o‘tgan, qatag‘on yillari qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz yashab o‘tgan xonadonlarda bo‘lib, ularning xotirasi yod etilib, ruhi-poklariga qur’on tilovat qilindi.
Jumladan, Jizzax shahar hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax shahar bo‘linmasi shahardagi “Turon” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, qatag‘on qurbonlari yashab o‘tgan xonadonlarda bo‘lib, ularning avlodlari holidan xabar olindi.
Ayni paytda, “Turon” MFYdagi mavjud 571 xonadonda 3 ming 570 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi.
– Ushbu mahalla shaharning eng ko‘hna mahallalardan biri hisoblanadi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax shahar bo‘linmasi raisi To‘lqin To‘raqulov. – Ushbu mahallada yashab o‘tgan 34 nafar fuqaro qatag‘onga uchrab, ko‘pchiligining jasadlari surgun qilingan o‘lkalarda qolib ketgan.

Ushbu mahalladagi qatag‘on yillari qurbonlari yashab o‘tgan xonadonlarda bo‘ldik, ularning farzandlari, nabiralari holidan xabar oldik, xotirlarini yodga olib, qur’on suralari tilovat qilinib, savobi ularning ruhlariga bag‘ishlandi.
Qatag‘on qurboni bo‘lgan insonlarning oilalari ichidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan, oilasida nogironligi bo‘lgan oilalarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobidan 11 turdagi oziq-ovqat va kundalik uy-ro‘zg‘or mahsulotlari berildi. Ushbu xayrli tadbir bilan qatag‘on qurbonlari ruhini shod etib, ehtiyojmand oilalarga ozgina bo‘lsada quvonch ulashgan bo‘lsak, oldimizga qo‘ygan maqsadimiz amalga oshdi, deb o‘ylayman.
E’tiborlisi, ushbu 31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni xayriya tadbiri o‘sha mudhish qatag‘on qurbonlariga aylangan yurtdosh ota-bobolarimiz yashab o‘tgan Jizzax viloyatining barcha qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib o‘tmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA