Jizzaxda Navoiyxonlik tadbirlari davom etmoqda
Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida, oliy, o‘rta-maxsus, umumta’lim o‘quv yurtlarida she’riyat mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag‘ishlangan bayram va ma’daniy-ma’rifiy tadbirlar, g‘azalxonlik kechalari, uchrashuv va davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda.
Zafarobod tumanida ulug‘ mutafakkirning tavalludiga bag‘ishlab tashkil etilgan bayram tadbirida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, Zafarobod tuman hokimligi, Ma’naviyat ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, mahalliy yozuvchi, shoir, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Bayram tadbiri tuman markazidagi istirohat bog‘iga o‘rnatilgan Hazrat Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish bilan boshlandi.
Tadbirda Hazrat Navoiy ijodi, faoliyati, betakror asarlari, unda ilgari surilgan vatanparvarlik, sevgi va muhabbat, do‘stlikka sadoqat, ustoz-murabbiylarga, ota-onalarga hurmat tuyg‘ulari benazir satrlarda yuksak mahorat bilan talqin etilgani, o‘zbek tili va o‘zbek klassik adabiyotiga asos solgan buyuk tilshunos olimning ijodini o‘rganish har bir adabiyot shinavandasi, har bir o‘zbekistonlikning muqaddas burchi ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tumandagi 1-, 10-, 14-, 17- va 18-sonli umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan she’riyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy qalamiga mansub g‘azallar aytildi.
Madaniyat uyi qoshidagi “Yosh aktiyorlar” to‘garagi ishtirokchilari tomonidan sahnalashtirilgan “Alisherning bolaligi” chiqishlari namoyish etildi.
Buyuk shoir Navoiy hazratlarining g‘azallariga bastalangan “Qaro ko‘zim”, “Ey Sarvinoz”, “Topmadim” kabi bir qator qo‘shiqlari “Cho‘l quvar” ashula va raqs ansambli tomonidan maromiga yetkazib ijro etildi.
Bayramona bezatilgan bog‘da Navoiy asarlarining ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
***
Jizzax shahar “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbir ham yuqori kayfiyatda o‘tdi.
Unda she’riyat mulkining sultoni, buyuk bobokalonimizning ijodi va hayoti har birimizga va ayniqsa yosh avlodlar uchun namuna ekani aytib o‘tildi.
Bayram tadbirida Jizzax shahar madaniyat bo‘limi vakillari ishtirokida Navoiy ijodiga mansub g‘azallarga bastalangan qo‘shiklar yangradi.
Shahardagi 19-sonli umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Iroda Saidova rahbarligidagi o‘quvchilar hazrat Navoiyning g‘azal va ruboiylari o‘qildi.
Navoiyxonlik kechalari Jizzax viloyatining barcha hududlarida davom etmoqda.
[gallery-5708]
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat) O‘zA