Jizzaxda mohir motopoygachilar aniqlandi
Jizzax shahridagi “Navro‘zbuloq” poyga maydonida motokross bo‘yicha viloyat ochiq birinchiligi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan bellashuvda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 60 nafardan ziyod saralangan motosportchi ishtirok etdi.
Musobaqa yoshlar va kattalar o‘rtasida bir nechta yo‘nalishda o‘tkazilib, ishtirokchilar dvigatel hajmi 65, 85, 125, 350, 500 va 750 kub santimetr bo‘lgan sport mototsikllarida murakkab trassada mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Yuqori tezlik, keskin burilishlar va murakkab to‘siqlarga boy trassadagi bahslar tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bellashuvlar yakuniga ko‘ra, jizzaxlik Davron Kamolov 65 kub santimetrli mototsikllar bahsida, Tolib Qudratov esa “Xitoy klassi” yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, 85 kub santimetr yo‘nalishida Navoiy viloyati vakillari Yaroslav Maslennikov va 125 kub santimetrda Saidbobojon Saidov, Toshkent shahri vakili Anvar Alimov CHZ-350 yo‘nalishida, Buxoro viloyatidan Bekzod Xalimboyev 500 kub santimetrda, Namangan viloyati vakili Orif Dadaboyev hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Nikolay Sharabayev o‘z yo‘nalishlarida shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Musobaqa motosportni ommalashtirish, yoshlarni texnik sport turlariga keng jalb etish va iqtidorli sportchilarning mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri