Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida Prezidentimizning 2024 yil 15 noyabrdagi “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida shu hududdagi 32-sonli “Jasorat maktabi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev va boshqalar so‘zga chiqib, barchani yaqinlashib kelayotgan Navro‘z ayyomi va Ramazon hayiti bilan chin dildan samimiy tabrikladi.
Mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash zarurligini chuqur singdirish, barcha yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarni oshirish, bolalarni kichik yoshdan Vatanga cheksiz sadoqat ruhida, jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk insonlar qilib tarbiyalashga yo‘naltirilgan tizimli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Alvon bog‘ich kesilib, tadbir ishtirokchilari maktabning ichki qismi bilan tanishtirildi.
[gallery-22278]
Elektron doska orqali maktabda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar haqida taqdimot o‘tkazildi.Mehmonlar chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash (CHQBT) uchun maxsus jihozlangan 3 ta sinf xonasi, jasorat burchaklari va CHQBT o‘qituvchisi bilan ham tanishtirildi.Shuningdek, informatika, chet tillari va boshqa fanlar uchun tashkil etilgan sinf xonalari, o‘quvchilar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Mazkur “Jasorat maktabi”da matematika, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyogarlik, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilib, qabul uchun o‘quvchilarni saralash 5-sinfdan boshlab amalga oshiriladi.
Robototexnika, kelajak o‘yinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport o‘yinlari kabi to‘garak mashg‘ulotlari muntazam o‘tkazib borilishi ko‘zda tutilgan.
O‘quvchilar o‘quv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar olib borilishi belgilangan.
–O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida maktabimiz to‘g‘risida tanqidiy maqola chiqqanidan so‘ng ushbu ta’lim muassasamizda ta’mirlash, qurilish va jihozlash ishlari uchun 2 milliard 900 million so‘m mablag‘ ajratildi,– deydi ushbu 32-sonli “Jasorat maktabi” direktori Saodat Bo‘riyeva. –Shundan 450 million so‘m mablag‘ hisobiga yangidan zamonaviy hojatxona qurildi, 1 milliard 50 million so‘m mablag‘ hisobiga esa o‘quv binosining tashqi fasad qismi va ichki ta’mirlash, pardozlash ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, zamonaviy qattiq va yumshoq mebellar bilan jihozlash, binoga kuzatuv kameralarini o‘rnatish, koridor va ichki yo‘laklarni bezatish ishlari amalga oshirildi. Ushbu maqsadlar uchun 919 million so‘m mablag‘ sarf-xarajat qilindi.
Bu yerda viloyatdagi umumta’lim maktablari orasida birinchi bo‘lib zamonaviy axborot- kutubxona markazi tashkil etildi va so‘nggi rusumdagi 13 ta zamonaviy komp’yuter, 1200 dona badiiy va elektron adabiyotlar yetkazib berildi. Bu ishlarda respublika “Ipoteka bank”boshqaruvi o‘z homiylik yordamini ayamaganini, viloyat, tuman hokimlari har bir ishda bosh-qosh bo‘lganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Bulardan tashqari, maktab hovlisida qurilish, ta’mirlash, sanitar-gigiyena, obodonlashtirish, maktab bog‘ida esa keng ko‘lamli ko‘kalamzorlash ishlari amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 23 noyabrdagi “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu ta’lim muassasasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, mazkur 32-sonli “Jasorat maktabi” atrofida to‘liq obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, 1000 tupdan ortiq mevali, 500 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Quvonarlisi, bu yerda “Ota-onalar bog‘i” barpo etildi va bog‘dagi har bir ko‘chatga mas’ul bo‘lgan ota-ona va o‘quvchi belgilab chiqildi.
Tadbir nihoyasida barcha ishtirokchilar “Yashil makon” loyihasi doirasida tashkil etilgan ota-onalar bog‘i bilan tanishib, viloyat rahbari bilan birgalikda ko‘chat ekish marosimida faol ishtirok etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari