Jizzaxda intensiv bog‘lar
Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, yer resurslaridan samarali foydalanish va eksportbop mahsulotlar hajmini oshirishga qaratilgan yana bir yirik loyiha — “BMB Gardens” agroklasteri izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning G‘allaorol tumaniga amalga oshirgan ishchi tashrifi doirasida mazkur korxona faoliyati atroflicha o‘rganildi.
Tashrifda viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev hamda tuman hokimi Jaloliddin Oqboyev ishtirok etdi. Ular tomonidan loyihaning amaliy ahamiyati, joriy etilgan ilg‘or texnologiyalar va uning hudud iqtisodiyotiga ta’siri yuzasidan ma’lumot berildi.
— Ushbu loyiha qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha muhim tajriba maydoni bo‘lib xizmat qiladi. Ilgari foydalanilmagan lalmi yerlar bugun zamonaviy agroklasterga aylantirilmoqda. Loyihaning ikkinchi bosqichida qolgan maydonlar ham o‘zlashtirilib, to‘liq gilos-olcha plantatsiyasi shakllantiriladi. Natijada hududda yirik sanoat bog‘dorchilik zonasi vujudga keladi, — dedi vazir Ibrohim Abdurahmonov.

Umumiy maydoni 115 gektar bo‘lgan intensiv bog‘ning dastlabki 50 gektariga Polshada “in vitro” usulida yetishtirilgan “Baterma” navli gilos-olcha ko‘chatlari ekilib, har gektarda 1000 tupdan joylashtirildi. Bu yuqori zichlikdagi intensiv bog‘dorchilik tizimi joriy etilganini ko‘rsatib, hosildorlikni bir necha barobar oshirish imkonini yaratadi.
Loyihada suv resurslaridan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Hududda 5 ta artezian qudug‘i qazilib, umumiy sig‘imi 12 ming kub metrlik suv havzalari barpo etildi. Bog‘ning barcha qismi tomchilatib sug‘orish tizimi bilan ta’minlangani suv tejamkorligi va barqaror hosildorlikni ta’minlaydi.
Ijtimoiy jihatdan ahamiyatli bo‘lgan mazkur tashabbus doirasida hozirning o‘zida 50 ta doimiy ish o‘rni yaratildi. Bog‘ to‘liq hosilga kirgach, mavsumiy ishchilar soni 800 nafargacha yetishi kutilmoqda. Bu esa qishloq aholisi bandligini ta’minlashda muhim omildir.

Loyihaning navbatdagi bosqichida zamonaviy logistika markazi tashkil etish rejalashtirilgan. Unda mahsulotni saralash, sovitish va qadoqlash jarayonlari yagona tizimga birlashtirilib, gilos-olchani ichki va tashqi bozorlarga tezkor yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Bu esa qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirib, eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus mamlakatda qabul qilingan "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida belgilangan qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport geografiyasini kengaytirish vazifalariga to‘la mos keladi.

Shuningdek, sohani rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-yanvardagi “2022 - 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda qishloq xo‘jaligida klaster tizimini qo‘llab-quvvatlashga oid me’yoriy hujjatlar shunday kabi loyihalarni keng joriy etish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, “BMB Gardens” kabi zamonaviy agroklasterlar qishloq xo‘jaligini industrial asosda rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar turi va hajmini oshirish, shuningdek, hududlar iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri