Jizzaxda g‘alla parvarishida kamchiliklar aniqlandi
Jizzaxlik g‘allakorlar joriy yil hosilini jami 108 ming 932 gektar, shundan 33 ming 232 gektari ochiq maydonlar, qolgan qismi g‘o‘za qator oralarida parvarish qilmoqda.
Qorli-ayozli kunlarda yetishtirilayotgan g‘alla maysalarini sovuqqa oldirib qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda g‘allani sharbat bilan sug‘orish, azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish kabi zarur agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.
– Agrotexnik tadbirlar sifatini o‘rganishlar jarayonida mavsum boshidan buyon jami 25 foiz g‘alla maydoni ikkinchi sug‘orishdan chiqarilib, 18 ming 738 gektari azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirilgani aniqlandi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi katta inspektori Sanjar Mirzakarimov. – G‘allani oziqlantirish uchun 131 ming 300 tonnadan ortiq mahalliy o‘g‘it jamg‘arilib, g‘alla maydonlariga olib chiqildi va sharbatlab sug‘orish uchun har 5 gektar maydonga 8 ming 100 donadan ortiq xandaqlar qazilib, sharbatlab sug‘orildi.
Joriy yilning 1 yanvar holatiga jami g‘alla maydonining 66 foizidan ortig‘i g‘o‘zapoyadan tozalangan edi, yurtimizga anomal sovuq kelishi munosabati bilan ushbu tadbir sovuqli kunlar o‘tguniga qadar, mutaxassislarning tavsiyasi bilan to‘xtatildi.
Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida 2 ming 144 g‘allachilik fermer xo‘jaligi hamda klaster korxonalariga tegishli 11 ming 574 gektar maydonda g‘alla maysalari siyrak unib chiqqani, rivojdan orqada qolayotgani, azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirilmagani aniqlandi. Ushbu kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida, tegishliligi bo‘yicha 25 ta yozma ko‘rsatma berilib, hokimliklar va mas’ul shaxslarga 7 ta taqdimnoma kiritildi.
Bundan tashqari, yo‘l qo‘yilgan mazkur kamchiliklar uchun 2 ming 144 nafar fermer xo‘jaligi hamda g‘allachilik klasterlari rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.
Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mahalliy hokimliklar, mutaxassislar tomonidan g‘alla maysalarini sovuqqa oldirib qo‘ymaslik, hosilni saqlab qolish maqsadida zarur maslahat va tavsiyalar berildi.
A.Qayumov, O‘zA