Jizzaxda futzal bo‘yicha viloyat hokimi kubogi g‘oliblari aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyatida futzal sport turini ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan viloyat hokimi kubogi hamda 2-liga musobaqalari yakuniga yetdi.
Do‘stlik tumani sport majmuasida bo‘lib o‘tgan final uchrashuvida mahalliy “Do‘stlik” hamda “Ezgu niyat” jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Viloyatning yetakchi jamoalari ishtirok etgan musobaqaning hal qiluvchi bellashuvi shiddatli va murosasiz kurashlarga boy o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy vaqtida har ikki jamoa ham yuqori mahorat namoyon etdi. Asosiy vaqt yakuniga sanoqli soniyalar qolganda mezbonlar hisobni tenglashtirishga erishdi va o‘yin 3:3 hisobida durang bilan yakunlandi.
[gallery-28709]
G‘olib nomi qo‘shimcha bo‘limlarda aniqlandi. Ekstra-taymning so‘nggi daqiqalarida “Ezgu niyat” jamoasi hal qiluvchi golni kiritib, musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin “Ezgu niyat” jamoasiga, 2-o‘rin Do‘stlik tumanining “Do‘stlik” jamoasiga nasib etdi. Kuchli uchlikni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda “BMB Jizzax” jamoalari yakunlab berdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev, Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev ishtirok etdi. G‘olib va sovrindorlarga diplom, medal hamda pul mukofotlari topshirildi.
Mazkur musobaqa viloyatda futzalni yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularni katta sportga jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA