Jizzaxda bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Jizzax viloyatida “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, viloyat, shahar, tuman hokimliklari, mehnat faxriylari, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, huquq-tartibot idoralari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Konstitutsiya xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining erkin va obod turmushini ta’minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichida xalqimizning tinch va farovon hayoti uchun ishonchli kafolat bo‘lgan asosiy Qomusimizni bugungi davr talablariga mos holda, eng muhimi, fuqarolarimiz xohish-irodasi va fikri hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida haqiqiy xalq Konstitutsiyasiga aylantirish ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
[gallery-9885]
Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 noyabrdagi farmoniga asosan, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi.
– O‘zbekiston Respublikasi Kostitutsiyasini chuqur o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish fuqarolik burchimizdir, – deydi “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlangan, O‘zA fotomuxbiri Jamshid Yorbekov. – Kamtarona xizmatlarimga berilgan ushbu mukofot nafaqat menga, balki yuzlab jizzaxlik jurnalistlar mehnatiga berilgan baho, deb o‘ylayman.
Tadbirda qutlug‘ ayyom arafasida ana shunday yuksak e’tirofga loyiq, deb topilgan viloyat vakillarining bir guruhiga esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Bayram tadbirida san’atkorlar va ijrochi yoshlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA