O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Jizzax shahrining “O‘rda ekologik bog‘i”da mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Tantanali bayram tadbirida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan viloyat ahliga bayram tabrigi yo‘lladi.
Yangilanayotgan O‘zbekistonning tamomila yangi qiyofa kasb etayotgan Jizzax viloyatida ulkan bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
O‘tgan 5 yil davomida Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha barqaror makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishildi. Joriy yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017 yilga nisbatan 2 barbarga oshib, 19 trillion 400 milliard so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Aholi jon boshiga ko‘rilganda yalpi hududiy mahsulot 2017 yildagi 7 million 300 ming so‘mdan 2021 yil yakunida 15 million so‘mga yetkaziladi.
Jizzax viloyatida kichik biznes va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali jadal sur’atlarda yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etildi. Xususan, 2017 yil boshida kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari soni 9 ming 542 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil 1 iyul holatiga bu ko‘rsakich 20 ming 651 tani tashkil etdi.
To‘rt yilda 2 ming 527 ta sanoat korxonasi tashkil etilib, ularning soni 916 tadan 3 ming 443 taga yetdi yoki 3,8 barobar ko‘paydi. Shuningdek, oxirgi 4 yilda qo‘shma va xorijiy korxonalar soni 126 taga ko‘payib, 208 taga yetdi.
2017 yildan joriy yilning 1 iyuliga qadar kichik biznes sub’ektlariga barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 11 trillion 400 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi.
Viloyatda yangi ish o‘rinlari tashkil etishga, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilib, 2017 yildan joriy yilning 1 avgust kuniga qadar bandlik dasturlariga asosan, investitsiya loyihalari, sanoat, xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishdagi yangi yirik va kichik loyihalarni tashkil etish hisobiga 101 ming 707 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
“Vaqtinchalik tartib”ga ko‘ra, sektor rahbarlari tomonidan “Temir daftar”ga kiritilgan mehnatga layoqatli ishsizlarning 22 ming 332 nafari yoki 99,9 foizi mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligi ta’minlandi.
Viloyatda umumiy qiymati 9 trillion 900 milliard so‘m bo‘lgan 3 ming 31 ta yangi loyihaning foydalanishga topshirilishi natijasida 29 ming 68 ta doimiy ish o‘rni yaratilishiga, hududiy eksportyor korxonalar tomonidan jami 354 million 300 ming dollar mahsulotlar eksport qilinishiga erishildi. Eksport geografiyasi kengayib, bugungi kunda hududiy korxonalar tomonidan dunyoning 27 ta davlatiga eksport amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda Jizzax viloyatida aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlashga eng ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Viloyatda aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha 4 ming 56 ta xonali jami 112 ta ko‘p qavatli hamda 2 va 4 sotixli 1 ming 725 ta namunaviy uy-joy qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. Joriy yilning o‘zida esa 1 ming 120 xonadonli 32 ta ko‘p qavatli uy-joy viloyat aholisiga foydalanishga topshiriladi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida o‘tgan 2018-2019 yillar davomida 75 ta mahallada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari olib borilgan bo‘lsa, joriy yilda jami 286 ta mahallada ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. “Obod mahalla” dasturlari doirasida o‘tgan davr mobaynida 196 ta ijtimoiy soha ob’ektlarida joriy va mukammal ta’mirlash, 607 km ichki yo‘llarda ta’mirlash ishlari yakunlandi. Shuningdek, 492 km ichimlik suvi, 633 km elektr va 25 km tabiiy gaz tarmoqlari holati yaxshilangan bo‘lsa, 145 km ichki irrigatsiya tizimi yangidan qurildi.
Kommunikatsiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, 2017-2021 yillar davomida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 914 milliard 600 million so‘m mablag‘ hisobiga 1 ming 381 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. 173 dona suv inshootida yangidan qurilish, ta’mirlash ishlari olib borildi.
Joriy yil yakuni bilan viloyat aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017 yildagi 45,7 foizdan 58,2 foizga yetkaziladi.
Oxirgi 5 yil davomida 775 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 2 ming 757 km yoki 30 foiz yo‘llar ta’mirdan chiqarildi. 54 milliard 500 million so‘m mablag‘ evaziga 38 ta ko‘prik to‘liq ta’mirdan chiqarildi.
Elektr-enegiyasi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 275 milliard 300 million so‘m mablag‘ sarflanib, 1 ming 741 kilometr havo tarmoqlari rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi, 734 dona transformator punkti yangidan o‘rnatildi. 275 ming 105 dona yoki yuz foiz ASKUE tizimiga mos hisoblagichlar o‘rnatildi. 11 ming 980 ta aholi xonadoni tabiiy gaz bilan gazlashtirildi.
2017 yilda viloyatda 174 ta, shundan 173 ta davlat va atigi 1 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, 1 ming 150 ta – shundan 211 ta davlat, 64 ta davlat-xususiy sheriklik, 863 ta oilaviy, 12 ta xususiy MTTlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Jizzax viloyatida birgina 2020 yilning o‘zida Investitsiya va Davlat dasturlari doirasida 24 ta umumta’lim muassasalarida yangi qurilish, kapital va mukammal ta’mirlash uchun 54 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Bundan tashqari, 2020 yilda 15 milliard so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 149 ta maktab joriy ta’mirdan chiqarildi.
Joriy o‘quv yilidan Prezident maktabi ochildi.
Joriy yilda Jizzax viloyatida 8 ta matematika, 5 ta fizika, 2 ta kimyo-biologiya, 6 ta informatika va axborot texnologiyalari fanlari hamda 13 ta xorijiy tillarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari tashkil etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yilning 5 iyuldagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universitetining Jizzax filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Jizzax shahrida O‘zbekiston Milliy Universitetining Jizzax filiali tashkil etildi.
[gallery-3678]
Ta’lim tizimida axborot texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimiga alohida e’tibor qaratilib, viloyat hokimligi Kengashlar uyi binosining 2-qavatida “IT Park” Jizzax filiali tashkil etildi.
Shuningdek, bugungi kunda viloyatning 7 ta tumanida Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilib, shu kunga qadar 2 mingdan oriq yosh dasturlash, robototexnika va kompyuter savodxonligi yo‘nalishlarida o‘qitildi.
Joriy yildan Hindistonning “Sambhram” universiteti Jizzax filiali tashkil etildi. Ushbu xorijiy universitet filialiga joriy o‘quv yilidan boshlab 2 ming 200 nafar talaba qabul qilinadi.
Aholi salomatligini saqlash, xususan tibbiyot sohasini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida investitsiya dasturlari asosida yangi davolash maskanlari qurildi. Tibbiyot sohasida o‘tgan besh yil ichida 430 o‘rinli va 1 ming 750 qatnovli 89 ta ob’ektda 302 milliard 300 million so‘m mablag‘ hisobiga qurilish va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Tez tibbiy yordam tizimini isloh qilish natijasida 2017 yilga qadar 43 ta maxsus tez tibbiy yordam avtomashinalari faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib 127 ta tez tibbiy yordam avtotransportining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida samaradorlik ko‘rsatkichlari va mehnat unumdorligi yillar davomida barqaror o‘sib borib, 2017 yilda 1 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan yer maydoniga to‘g‘ri keladigan daromad 4 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 6 million 700 ming so‘mni tashkil qildi.
2021 yilda viloyatda 11 ming 140 nafar yoshga 7 ming 773 gektar ekin maydoni ajratib berildi va 22 ming 209 nafar yoshlar uchun yangi ish o‘rni yaratildi.
Viloyatda bog‘-tokzorlarni tashkil etish borasida loyihalarni amalga oshirish orqali, yangi ish o‘rinlari yaratish va katta hajmdagi bog‘ atrofida muzlatkichli omborxonalar, qayta ishlash, quritish va saqlash, logistika markazlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida suv sarfini iqtisod qilish va hosildorlikni oshirish maqsadida viloyatda 2017-2020 yillarda 96,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish hisobiga jami 17 ming 200 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etildi. Shundan 7 ming 370 gektar paxta maydoni, 123 gektar bog‘ va 9 ming 707 gektar meva-sabzavot maydonida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.
bugungi kunga qadar, 10 ming 147 nafar yoshlarga 7 ming 426 gektar yer maydonlari ajratib berildi.
Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublikada “Jizzax tajribasi” sifatida “Oltin fond” daftari joriy qilinib, dastlab olimpiada g‘oliblari, yosh sportchilar, madaniyat, san’at, “IT” va boshqa sohalarda xalqaro va respublika miqyosidagi musobaqa va tanlovlarda g‘olib bo‘lgan 200 nafar yosh mazkur “Oltin fond” daftariga kiritildi. Shulardan, 22 nafariga oliy ta’lim muassasida o‘qishi uchun 100 million so‘m to‘lov shartnomasiga mablag‘ o‘tkazib berildi.
Jizzaxliklar O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 30 yilligini ana shunday ulkan zafarlar bilan qarshi olmoqda.
Jizzax shahrida mamlakatimiz mustaqilligininrng 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tgan bayram tadbirida 40 nafarga yaqin Jizzax viloyati fidoiy insonlariga “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik”, II darajali “Sog‘lom avlod uchun”, I va II darajali darajali “Salomatlik” ordenlari “Sodiq xizmatlari uchun”, “Kelajak bunyodkori”, “Jasorat”, “Shuhrat” “Sodiq xizmatlari uchun” medallari tantanali ravishda topshirildi.
Bayram tadbirida yosh sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va konsert dasturi namoyish etildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA