Jizzaxda 9 million tupdan ziyod ko‘chat ekiladi
Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlari, qishloq va mahallalarida “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Ko‘chat zaxiralari yaratish ishlari qat’iy nazoratga olingan.
Tabiat resurslari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilda ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40” kunlikning bahorgi mavsumida viloyatning barcha hududlarida jami 9 million 900 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqilgan. Ayni paytda hududlarda erta ko‘klamdagi ko‘chat ekish uchun yerlar ajratilib, sug‘orish tizimini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, viloyat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta urug‘lari tayyorlanib, suv ko‘p talab etmaydigan ko‘chat urug‘larini yetishtirish bo‘yicha niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etilgan. Hozirgi kunda viloyat o‘rmon xo‘jaliklari ko‘chatxonalarida 11 million 363 ming dona ko‘chat va nihollar parvarishlanmoqda.

Viloyatdagi ko‘chatchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor, fermer, dehqon va tomorqa yer egalari tomonidan jami 1 million 347 ming 600 tup manzarali va mevali daraxt hamda gul ko‘chatlari zaxirasi yaratilgan. Shundan 378 ming 600 donasini gul va buta ko‘chatlari tashkil etadi.
A.QAYUMOV, O‘zA