Jizzaxda 6 ming quti sigareta yoqib yuborildi
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan mamlakatimizga noqonuniy yo‘l bilan olib kirilmoqchi bo‘lingan 6 ming quti tamaki mahsulotlari yoqib yuborildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 15 iyuldagi “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida” gi qarorining 1-ilovasiga asosan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq, sud va boshqa vakolatli organlar tomonidan berilgan ijro hujjatlarining bajarilishi Jizzax viloyatidagi mutasaddi tashkilotlar xodimlari tomonidan izchillik bilan ta’minlab kelinmoqda.

Jumladan, Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tgan 2022 yilda va 2023 yilning yanvar oyida tamaki bilan bog‘liq 10 ta noqonuniy holat aniqlangan va qiymati 207 million 400 ming so‘mlik, 16 ming 399 quti tamaki mahsulotlari savdosining oldi olinib, noqonuniy savdoga chek qo‘yilgan.

Kuni kecha sudning tegishli qaroriga asosan Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida jami 6 ming quti tamaki mahsulotlari yoqib yuborildi va shuncha quti sigareta mahsulotlari noqonuniy savdosining oldi olindi.
A.Qayumov,
O‘zA