Jizzax: “Yashil hudud”da karantin talablari qanday bajarilmoqda?
Jizzaxda koronavirusga chalingan 3 nafar fuqarodan eng oxirgi bemor sogʻayib chiqqaniga 15 kun boʻldi.
Jizzaxda koronavirusga chalingan 3 nafar fuqarodan eng oxirgi bemor sogʻayib chiqqaniga 15 kun boʻldi.
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq infeksiyadan xoli “yashil hudud” deb eʼlon qilingan viloyatda hayot asta-sekin oʻz oʻzaniga tushmoqda.
Bozorlar, doʻkonlar ishlab turibdi, davlat muassasalarida fuqarolar qabul qilinmoqda. Avvalgiday, serqatnov boʻlmasada, yoʻnalishsiz taksilar yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatayotir, odamlar ishga qatnashda, zarur yumushlarda shaxsiy transport vositalaridan foydalanmoqda.
Biroq, “yashil hudud” maqomi berilgani karantindan toʻliq voz kechildi, degani emas. Koʻcha va boshqa jamoat joylarida odamlar niqobdan foydalanish, ijtimoiy masofani saqlash, toʻplanmaslik, ommaviy tadbirlar oʻtkazmaslik talablariga toʻliq rioya qilishi kerak.
Karantin talablarining yumshatilishi ortidan odamlarda toʻliq xotirjamlikka berilib, infeksiya tarqalishi xavfining oldini olish maqsadida targʻibot, tushuntirish ishlari oʻtkazilmoqda. Shu maqsadda viloyatda ichki ishlar organlari xodimlari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi va davlat soliq inspeksiyasi xodimlaridan tuzilgan ishchi guruh faoliyat koʻrsatmoqda.
Ishchi guruh aʼzolari bozorlar, avtomobil ehtiyot qismlari doʻkonlari, qandolat sexlari, sanoat korxonalari, sartaroshxona kabi jamoat toʻplanishi mumkin boʻlgan joylarga tashrif buyurib koronavirus infeksiyasining oldini olishga qaratilgan targʻibot-tushuntirish ishlarini oʻtkazmoqda.
Targʻibot davomida maishiy xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish korxonalarining eshik va derazalarining tutqichlarini maxsus bint bilan oʻrash, doimiy zararsizlantirib turish, har kuni xodimlarning tana haroratini oʻlchab maxsus jurnalga qayd etib borish boʻyicha tavsiya va tushuntirishlar berishmoqda.
Tadbirlar davomida birgina Jizzax shahrining oʻzida 130 dan ziyod savdo doʻkonlari koʻzdan kechirilib, karantin qoidalariga amal qilmagan, sanitariya qoidalarini buzgan 31 nafar savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Ayniqsa, yoʻnalishsiz taksilar va shaxsiy yengil mashinalardan foydalanishga ruxsat berilishi aholiga katta qulaylik yaratdi.
– Biroq yaratilgan yengillik barcha cheklovlar olib tashlanganini bildirmaydi, – deydi viloyat yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi katta inspektori Erkin Ochilov. – Afsuski, haydovchilar orasida yoʻlovchi tashishda, niqobdan va boshqa xavfsizlik vositalaridan foydalanishda, salondagilar bilan masofa saqlashda karantin talablarini buzuvchilar ham uchrab turibdi.
Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan tartibbuzarlarga belgilangan tartibda choralar koʻrish bilan haydovchilar oʻrtasida tushuntirish ishlari kuchaytirilmoqda. Maqsadimiz oʻzimiz va boshqalarning sogʻligʻini ehtiyot qilib, “yashil hudud”imizda osoyishtalikni barqaror saqlash.