Jizzax viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 259 transformator kapital ta’mirlandi
“Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tizimida 2016-2017-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tasdiqlangan rejaga muvofiq, joriy yilda 259 transformator mukammal ta’mirlandi.
“Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tizimida 2016-2017-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tasdiqlangan rejaga muvofiq, joriy yilda 259 transformator mukammal ta’mirlandi.Mamlakatimizda aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida viloyatda sohani modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida Jizzax viloyatida yangi elektr tarmoqlari barpo etishda 890 million so‘mlikdan ziyod qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Mavsumga tayyorgarlik ko‘rish doirasida 2 nimstansiya, qariyb 5 ming kilometr havo tarmoqlari va 823 transformator punkti joriy va mukammal ta’mirlandi. O‘ta katta yuklanish bilan ishlayotgan transformatorlardan 12 tasi yuqori quvvatlisiga almashtirildi.
Qish mavsumida almashtirish zarur bo‘lgan jihoz va materiallar zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar 13 transformator, 55 tonna transformator moyi zaxiraga qo‘yildi.
Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida shahar va tuman elektr ta’minoti korxonalari xodimlaridan iborat 52 tezkor brigada tashkil etilib, 15 “Damas” va 6 yuk avtomashinasi shay holatga keltirildi.
– Tizimda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish-modernizatsiya ishlari iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qilmoqda, – deydi “Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Baxtiyor Ibrohimov. – Joriy yilning o‘tgan davrida respublika manzilli dasturiga muvofiq, 9,8 kilometr elektr uzatish tarmog‘i yangidan qurilib, 12 transformator punkti o‘rnatildi. Zamonaviy transformatorlar o‘rnatilishi, taqsimlash, xizmat ko‘rsatish tizimidagi texnologik yangilanishlar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishda bosh omil bo‘layotir.
Kuz-qish mavsumida elektr energiyasidan foydalanishda yong‘in va texnika xavfsizligi talablari qoidalarini iste’molchilarga tushuntirish tadbirlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha o‘quvlar o‘tkazilayotir. Joylarda xavfsizlik burchaklari yangilanib, yo‘riqnoma va pannolar bilan ta’minlandi.
Xavfsizlik choralarini ko‘rishda tuman, shahar korxonalari va tarmoq bo‘limlaridagi 100 dan ziyod nimstansiyaning favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat foydalanish tartiblari ishlab chiqilib, xodimlar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Tumanlardagi elektr ta’minoti korxonalari va nimstansiyalarga mas’ul shaxslar biriktirildi.
Mavsumga tayyorgarlik doirasida tarmoqqa noqonuniy ulanishlar, tekshirilmagan, nostandart elektr uskunalaridan foydalanish holatlarini bartaraf etish ham doimiy e’tiborda. Elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarga rioya qilish yuzasidan suhbatlar, reydlar o‘tkazilmoqda. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilayotir.
Elektr tarmoqlari korxonalari mutaxassislari va nazoratchilari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishda jamoatchilik vakillari, ayniqsa, fuqarolar yig‘inlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish, isrofgarchiliklarning oldini olish va iste’mol qilingan energiya haqini o‘z vaqtida to‘lash, qarzdorlikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.