Jizzax viloyati yangiliklari – qisqa satrlarda
Zomin tumani 2-son kasb-hunar maktabining 254 nafar bitiruvchi o‘quvchisiga egallagan mutaxassisliklari bo‘yicha diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda o‘quv yili jarayonida intizomi va bilimga chanqoqligi bilan namuna bo‘lgan eng faol o‘quvchilar, ularga ta’lim berishda munosib hissa qo‘shgan fidoyi ustoz va murabbiylarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Zafarobod tumanida agrotexnika tadbirlarini o‘tkazishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari O.Ashurmatov, tuman hokimi N.Radjapov va qishloq xo‘jaligiga oid korxona va tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Tumandagi 266 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi ekin maydonlarining paxta hosili uchun chigit ekilgan 9 ming gektar yerda ishchi guruhi tomonidan paxta agrotexnikasini o‘rganish, hosildorlikni oshirish borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.

Jizzax viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tomonidan Do‘stlik tumanida tashkil etilgan o‘quv kursining tikuvchilik yo‘nalishini muvaffaqiyatli tamomlagan har bir sektordan 10 nafardan xotin-qizga sertifikatlar topshirildi.
Tikuvchilik kasbini egallagan bu ayollar bandligini ta’minlash, yashash hududiga qarab sektorlar rahbarlari zimmasiga yuklatilgan. Endi ularning ham daromad manbai bo‘ladi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Baxmal tuman bo‘linmasi va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi hamkorligida tumandagi oilaviy MTT xodimlari ishtirokida “Ogohlik davr talabi!” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Unda yosh avlodni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash har bir fuqaroning muhim vazifasi, yoshlar qalbida o‘z xalqi, vataniga mehr-sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, ularni buzg‘unchi kuchlarning axborot xurujlaridan ogoh etish va munosib himoya qilish har fuqaroning ustuvor vazifasi ekanligi aytildi.

Mirzacho‘l tumanida “Milliy an’ana va qadriyatlar” mavzusida nuroniy onaxonlar, fidoyi ayollar, mahalla xotin-qizlar faollari va rahbar ayollar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirokchilar milliy qadriyatlarimizdan alla, kelin salom aytish va qadimgi cholg‘u asbobi chanqovuz chalish borasidagi mahoratlarini namoyish etib, yoshlarga bu borada saboq berdi.
Sharof Rashidov tuman kasb-hunar maktabida professional ta’limni rivojlantirish borasida joriy yil 15 iyun kuni Prezidentimiz raisligida aholini kasb-hunarga o‘qitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yuklatilgan topshiriqlar ijrosiga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda kasb-hunar maktabida professional ta’limni rivojlantirish hamda dual ta’limni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rildi.
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi va Paxtakor tuman adliya bo‘limi va yuridik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari hamkorligida elektron tizim bo‘yicha yangidan qamrab olinishi nazarda tutilgan davlat tashkilotlari, umumiy ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari va oilaviy poliklinikalarning xodimlari ishtirokida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida “UNICON-SOFT” MCHJning mas’ul mutaxassislari davlat tashkilotlari, ularning quyi tizimi tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy tusdagi hujjatlarni “E-Huquqshunos” elektron tizimiga biriktirish, ular bilan ishlash, huquqiy xulosalar olish tartibi va masalalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA