Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax shahridagi O‘ratepalik mahallasida “Mahalla — qadriyatlar maskani” mavzusida ma’naviy-madaniy tadbir tashkil etildi. Unda shahar hokimligi, ma’naviyat va madaniyat bo‘limi, buvijonlar maktabi, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar hamda ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, urf-odat va an’analarni avloddan avlodga yetkazish, yoshlar ongida vatanparvarlik, mehr-oqibat, oilaviy ahillik kabi fazilatlarni shakllantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar milliy qo‘shiqlar, raqslar, sahna ko‘rinishlari va xalq urf-odatlarini ifoda etuvchi ko‘rinishlarni namoyish etishdi. Tadbir mahalla aholisi o‘rtasida birlik va hamjihatlikni mustahkamlashga, milliy qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rnini yanada oshirishga xizmat qildi.

***
Zomin tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev hududagi “Versal Azizbek Lazizbek” OK qurilish mahsulotlari, “Kumush chashma” XK sutni qayta ishlash, “Nuriddin-G‘ulom” MCHJ tunukafon, “Nizom-G‘ulom” MCHJ mebel hamda “April” MCHJ trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalarida bo‘ldi.

O‘rganishlar chog‘ida ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik quvvatlar, ish o‘rinlari va eksport-import ko‘rsatkichlari nazardan o‘tkazildi. Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning fikr va takliflari tinglandi.
Hokim tomonidan mavjud muammolarni joyida hal etish, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
***
Baxmal tumanining Mo‘g‘ol qishlog‘ida agroturizm salohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida “Baxmal olmasi” xalqaro festivali o‘tkazildi.
Tadbirda tumanning yetakchi bog‘bon va fermerlari tomonidan yetishtirilgan turli navdagi olma mahsulotlari namoyish etildi. Folklor jamoalari ishtirokida milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi, xalq o‘yinlari, milliy taomlar ko‘rgazmasi va hunarmandlar yarmarkasi tashkil etildi.

Mazkur xalqaro tadbirda xorijiy va mahalliy sayyohlar faol ishtirok etishdi. Tadbir nafaqat mahalliy mahsulotlarni targ‘ib qilish, balki hududning turizm salohiyatini oshirishga ham xizmat qildi.
***
Jizzax politexnika institutida talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlik va psixotrop moddalarning zararli oqibatlarini tushuntirish maqsadida profilaktik davra suhbati tashkil etildi.
Mutaxassislar tomonidan yoshlarga giyohvand moddalarning inson salomatligi, ta’lim olishi va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga salbiy ta’siri haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Talabalarga sog‘lom hayot tarzini yuritish, zararli odatlardan yiroq bo‘lish hamda huquqiy bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yoshlarni yot illatlardan asrash, ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom avlod etib tarbiyalash maqsadiga qaratildi.
***
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan “Keksalar haftaligi” doirasida qator xayrli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Xususan, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida “Kasbim — faxrim” mavzusida keksa avlod va yoshlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirlarda nuroniylarning hayotiy tajribasi, kasbiy faoliyati haqida hikoya qilindi, yoshlar uchun ibratli suhbatlar tashkil etildi.

Shuningdek, nafaqadagi keksalar holidan xabar olindi, ularga izzat-ikrom ko‘rsatildi va samimiy tabriklar yo‘llandi.
Mazkur tadbirlar avlodlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash va yoshlar qalbida mehr-e’tiborni oshirishga xizmat qilmoqda.


A.Qayumov, O‘zA muxbiri